Ornitoz

Ornitoz (Yunoncha ornis, ornithos — qush), Psittakoz — odam va parrandalarda uchraydigan yuqumli kasallik, virussimon qo’zg’atuvchilar — Chlamidia psittaci xlamidiyalari qo’zg’atadi. Ornitoz isitma hamda interstisial pnevmoniya tarzida o’tadi. Kasal parrandalar (to’ti, kaptar, o’rdak, g’oz, chumchuq, tovuq va b.)dan odam va chorva mollariga yuqadi. Ornitoz kaptar ko’p boqiladigan joylarda ayniqsa keng tarqalgan. Ornitoz o’tkir va surunkali bo’ladi. Kasallik 8-9 kun davom etadi, odatda, 30%cha parranda nobud bo’ladi. Kasallik parrandachilik xo’jaliklari, hayvonot bog’lari va parranda magazinlarida ishlaydigan kishilarga yuqishi mumkin. Kasallik odamlarda to’satdan boshlanadi. Bemorning darmoni quriydi, boshi og’riydi, uyqusizlik ro’y beradi, harorati ko’tariladi, 18-20 kun isitmalaydi. Oldini olish: veterinariya-sanitariya tadbirlari; kasallangan parrandalarni so’yish; shaxsiy gigiena qoidalariga, parrandachilik xo’jaliklarida Sanitariya rejimiga rioya qilish.