Organoterapiya
Organoterapiya (organ va terapiya) — bemorlarni hayvonlarning sekretsiya bezlaridan, shuningdek, boshqa a’zo va to’qimalaridan tayyorlangan preparatlar bilan davolash. Ichki sekretsiya bezlaridan tayyorlangan organopreparatlar g’oyat samarali, chunki ularda organizmning eng muhim funktsiyalariga juda kuchli ta’sir etadigan gormonlar bor. Bunday organopreparatlarga gipofiz preparatlari (pituitrin, prolaktin, adrenokortikotrop gormon va boshqalar), qalqonsimon bez preparati (tireoidin), qalqonsimon bez yonidagi bezchalar preparati (paratireoidin), me’da osti bezi preparatlari (insulin, lipokain va boshqalar), buyrak usti bezlari po’stloq qavatining gormonlari (kortizon va boshqalar), ayol jinsiy gormonlari (follikulin, sinestrol va boshqalar), erkak jinsiy gormonlari (metiltestoteron va boshqalar) kiradi. Organopreparatlarning aksarisi xazm shiralari ta’sirida yemiriladi, shuning uchun ular organizmga parenteral yo’l bilan (teri ostiga, muskul orasiga yoki venaga) yuboriladi. Organo-preparatlarni vrach buyuradi.