Orbita

Orbita (lotincha orbita — yo’l, iz) — ixtiyoriy tabiiy yoki sun’iy kosmik jism harakatining to’la yo’li. Xususan, Quyosh sistemasining har bir jismi (Sayyoralar va ularning yo’ldoshlari, kometalar, asteroidlar, kosmik apparatlar), yulduzlar va galaktikalar o’z Orbitalari bilan aniq farqlanadi. Shu maqsadda fanga Orbita elementlari tushunchasi kiritilgan. Kosmik jismning istalgan vaqtdagi o’rnini va uning Orbitasi fazodagi vaziyatini to’la aniqlash uchun Orbitaning 6 ta elementi kuzatishlar yordamida topiladi. Masalan, ixtiyoriy Sayyora uchun uning Orbitasi elementlari quyidagilar: Sayyora Orbitasi tekisligining ekliptikaga qiyaligi, Orbita katta yarim o’qi, Orbita ekstsentrisiteti, Orbita perigeliy nuqtasining chiqish tugunidan uzoqligi, chiqish tugunini bahorgi tengkunlik nuqtasidan uzoqligi, sayyoraning perigeliy nuqtadan o’tish payti.