Oltoy tili
Oltoy tili — turkiy tillardan biri. 1948 yilgacha oyrot tili deb atalgan. Rossiya Federatsiyasi Oltoy o’lkasining tog’li Oltoy viloyatida tarqalgan, 60 mingga yaqin kishi so’zlashadi. Lahjalari 2 guruhga bo’linadi: Janub (qirg’iz-qipchoq guruhi) va shimol (uyg’ur guruhi). Oltoy tili unlilar tizimi xususiyatiga va lab singarmonizmining umumiy qonunlariga ko’ra qirg’iz tiliga yaqinroq turadi. Undoshlar tizimida o’xshashliklar bilan birga muayyan tafovutlar ham bor: qirg’iz tilidagi so’z boshida keluvchi qorishiq j o’rnida Oltoy tilida d’mos keladi; qirg’iz tilidan farqli ravishda unlilar orasida jarangsiz undoshlar jarangli undoshlarga aylanadi. Fe’llar tuslanganda, shaxs ko’rsatkichining reduktsiyaga uchrashi Oltoy tili morfologiyasining asosiy xususiyatidir. Adabiy tili Janub lahjalarga asoslanadi. Yozuvi 1939 yildan rus grafikasi asosida.