Optimetr
Optimetr (Yunoncha optos — ko’rinuvchi va … metr) — chiziqli o’lchamlarni o’lchaydigan asbob; richagli-optik mexanizm yordamida nisbiy usulda o’lchaydi. Mexanizmda richagli uzatgich sifatida tebranma ko’zgu, optik o’zgartirgich sifatida avtokollimasion (fokusdan chiqqan yorug’lik nurini avtomatik tarzda yana fokusga qaytaruvchi) naycha qo’llaniladi. Birinchi marta (1837 yil) nemis muhandisi N. Sakston o’lchash asboblarida tebranuvchi ko’zgudan foydalangan. 1925 yil Germaniyada avtokollimasion kuzatish trubasi va tebranuvchi ko’zgudan foydalanib Optimetr tayyorlangan. Keyinchalik bunday asbob ancha takomillashtirilgan. Optimetrning vertikal va gorizontal xillari bor. Kuzatish trubasida o’lchash natijasi okulyar yoki proektsion usulda hisobga olinadi. Optimetr trubasining shkalasi 1 mkm li bo’linmalarga bo’lingan, shkala bo’yicha o’lchash chegarasi ± 100 mkm. Bo’linmalarning qiymati 0,2 mkm, o’lchash chegarasi 25 mkm bo’lgan Optimetr Ultraoptimetr deyiladi. Optimetr kalibr, yassi-parallel plitalar va boshqalarning chiziqli o’lchamlarini o’lchashda ishlatiladi.