Onixoforalar

Onixoforalar (Onychophora), birlamchi traxeyalar (Protracheata) — umurtqasiz hayvonlar tipi. Tanasi bo’g’imlarga bo’lingan (13 tadan 43 tagacha), qurtga o’xshash, uzunligi 15 santimetrgacha, yupqa kutikula bilan qoplangan. Bo’g’imlarida 1 juftdan kalta, xitin tirnoqli sodda tuzilgan oyoqlari bor. Boshi gavdasidan aniq ajralmagan, unda og’zi, 1 juft uzun mo’ylovlari, ular orasida 1 juft ko’zlari joylashgan. Gavda bo’shlig’i aralash, bosh miyasi 3 bo’limdan iborat, qorin nerv stvoli 2 ta. Nafas olish organlari — kuchsiz rivojlangan traxeya naychalari. Qon aylanish sistemasi tutash emas, hazm qilish sistemasi nayga o’xshash. Ayirish organlari oyoklari asosiga ochiladigan naychalardan iborat. Ayrim jinsli, ko’pchiligi tirik tug’adi. 1 ta sinfi — onixoforalar, 70 ta turi bor. Janubiy yarim sharning tropik va mo’tadil iqlimli o’rmonlar to’shalmasida yashaydi. Yirtqich, og’iz so’rg’ichlari ajratib chiqaradigan yopishqoq shilimshiq modda yordamida o’lja tutadi. Ilgari Onixoforalarga halqali chuvalchanglar bilan bo’g’imoyoqlilarni bog’lab turadigan oraliq formalar sifatida qaralgan. Hozir ular halqali chuvalchanglardan ajralib chiqqan hayvonlarning mustaqil tipi hisoblanadi.