Oymurzayev Jo’lmurza
Oymurzayev Jo’lmurza (1910, Chimboy tumani -1996, Nukus) — shoir va dramaturg, O’zbekiston (1981) va Qoraqalpog’iston xalq yozuvchisi (1974). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1957). Mehnat faoliyatini maktabda o’qituvchilikdan boshlagan, so’ng gazeta va jurnal tahririyatlarida ishlagan, bir necha yil davomida Qoraqalpog’iston yozuvchilari uyushmasini boshqargan (1944-51; 1958-62). «O’zbekxronikalfilm» studiyasining Qoraqalpog’iston filialida rahbar, katta muharrir (1968-84). Ijodiy faoliyati 1927 yildan boshlangan. «Kurash» (1935), «Biz kurashda g’olib chiqdik» (1938) dostonlari yangi qoraqalpoq she’riyatining shakllanishi va rivojiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan. Oymurzayev «Qahramonona kurash» (1942), «mening pahlavonlarim» (1943), «Taskin» (1946), «shoir so’zi» (1949), «Yosh avlodga» (1951), «shonli do’stlar» (1954), «nurli yo’ldan» (1955), «Amudaryo bo’yida» (1958), «odamlar, men sizlarni sevaman» (1978) va boshqa she’riy va nasriy kitoblar muallifi. Oymurzayev dramaturg sifatida «byurokratlar», «leytenant Eshmuratov» (1943), «Oygul va obot» (1946-62), «Berdaq» (1958-77), «Ravshan» (1959), «Sevikli doktor» (1960), «hayot bulog’i» (1967) singari pyesalar yaratgan. «Ko’mekboyning nayranglari» (1958) birinchi qoraqalpoq hajviy romani va «Yetim qalbi» (1961— 67) memuar qissasi mashhur. Oymurzayev rus, Yevropa va o’zbek adabiyotining namunalarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston davlat mukofoti laureati (1968). As: asarlar [2 j.li], T., 1961-62; Saylanma [2 j.li], T., 1980.