Ongsizlik

Ongsizlik (psixologiyada) — ong ishtirokisiz sodir bo’ladigan ruhiy jarayon va holatlar. Ongsizlik, ko’pincha, badan harakatida, xotira, hayolda namoyon bo’ladi. Real mavjud, lekin sezilmaydigan qo’zg’atgichlar vujudga keltiradigan javob ta’sirotlarida, asli ongli paydo bo’lib, takrorlanishi natijasida avtomatlashib ketgan harakatlarda va boshqa holatlarda ro’y beradi. Masalan, odam o’z o’y-xayollariga cho’mgan holda uyiga qaytadi va har holda yo’ldan adashmasdan keladi. Agar u biror xavfni sezib qolsa, bu xavfning sababi va qandayligini hali anglamasdan turib ham, himoya harakatini qiladi. Bemor psixikasida vujudga keladigan alahlash, gallyutsinatsiya kabi patologik hodisalar, uxlash, gipnoz vaqtida, lunatizm va shu kabilar chog’ida yuz beradigan psixik faoliyat ham Ongsizlik holatiga kiradi. Z. Freyd Ongsizlikni sof irratsionalistik tarzda talqin etadi. Uning fikricha, ong bilan Ongsizlik o’rtasida murosasiz qarama-qarshilik bor. Insonning butun xatti-harakati ana shu qarama-qarshilik bilan belgilanadi. Ongsizlikni odam anglashga va payqashga jur’at etolmaydi, u insondagi azaliy mayllar maskanidir.