Ombor zararkunandalari
Ombor zararkunandalari don, chorvachilik mahsulotlari va boshqalarni zararlaydigan hasharotlar, jonivorlar. Omborlar, elevatorlar, tegirmonlar, makaron va konditer mahsulotlari fabrikalari, odamlar yashaydigan binolar va boshqa joylarda tarqalgan; shuningdek, dala va g’alla xirmonlarida ham uchraydi. Ombor zararkunandalarining ko’pchiligi hasharotlar sinfining qo’ng’izlar (qattiq-qanotlilar), kapalaklar (tangaqanotlilar) turkumiga, shuningdek, o’rgimchaksimonlar sinfining kanalar turkumiga mansub. Qushlar va sut emizuvchilar sinfi vakillari orasida ham Ombor zararkunandalari bor. Ombor zararkunandalari butun Yer yuzida keng tarqalgan. Ombor zararkunandalaridan ombor uzuntumshuq qo’ng’izi (mitasi), guruch mitasi, kichik un mitasi, to’g’nog’ichsimon mo’ylovli mita, katta un mitasi, Surinam unxo’ri, gilam qo’ng’izi, to’q qo’ng’ir mita, mug’ombir trogoderma, qo’ng’ir terixo’r, Mavritaniya qo’ng’izi, kalta sarg’ish unxo’r, vetchina terixo’ri, don parvonasi, ombor kuyasi, don kuyasi, tegirmon parvonasi, un parvonasi, janub ombor parvonasi, un kanasi, cho’ziq kana, qoramtir kana, oddiy tukdor kana va boshqalar ko’p tarqalgan bo’lib, katta zarar keltiradi. Bulardan kichik un mitasi (Tribolium confusum Duv.), to’q qo’ng’ir mita (Alphitobius laevigatus F.), katta un mitasi (Tenebrio molitor L.), to’g’nog’ichsimon mo’ylovli mita (Tribolium castaneum Herbst.), kalta mo’ylovli sarg’ish unxo’r (Cryptolestes ferrugineus Steph.), qo’ng’ir terixo’r (Attagenus simulens Solski.), don parvonasi (Sphestia elutella Hb.), janub ombor parvonasi (Plodie interpunctella Hb.), ombor kuyasi (Tinea granella L.), don kuyasi (Sitotroga cerealella Oliv.), cho’ziq kana (Tyrophagug putres centia Ouds.), un kanasi (Acarus siro L.), oddiy tukdor kana (Glycyphagus destructor Schrk.) va boshqalar paxta, chigit, kunjara, shulxa va boshqa mahsulotlarning xavfli zararkunandalaridir. Ombor zararkunandalari oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini nobud qiladi, donning murtagi va unli qismini yeydi natijada g’alla va boshqalar uzoq saqlanmaydi, ularning ozuqalik sifatini buzadi, urug’larni shikastlab, unuvchanligini keskin kamaytiradi. Shuningdek, kalamush va sichqonlar ham Ombor zararkunandalari hisoblanadi. Ular mahsulotlarni nobud qilibgina qolmay, balki inshootlarni, asbob-uskunalarni ishdan chiqaradi hamda turli yuqumli kasalliklarni tarqatadi. Zararkunandalar mustaqil ravishda hamda mahsulot tashiladigan idishlar, mahsulotlar hamda ombor anjomlari va boshqalar orqali tarqaladi.. Kurash choralari: har yili yangi hosilni qabul qilish oldidan va zaruratga ko’ra, omborlar, bostirmalar, xirmonlar, mahsulot tashiladigan idishlar va anjomlarni ta’mirlash, yilda ikki marta — bahor (aprel—may) va yoz oxiri (iyul— avgust)da xlorofos, karbofos va boshqa preparatlar bilan ham dezinsektsiyalash, ombor atroflarini toza tutish, axlatlarni yoqib tashlash yoki yerga ko’mish kerak. Ombor zararkunandalarini yo’q qilish uchun mahsulot saqlanadigan omborlarni brommetil yoki metilxlorid bilan gazli dezinsektsiyalash — fumigasiya zarur. Sulton Alimuhamedov.