Oltin rudalari
Oltin rudalari — tarkibida oltin minerali bo’lgan tabiiy hosilalar, rudalar. Tabiatda 30 dan ortiq oltinli minerallar ma’lum. Undan tashqari, tarkibida oltin bo’lgan boshqa metallar (mis, nikel, qo’rg’oshin, rux, kumush, temir, marganes) ning rudalaridan ham oltin olinadi. Asosiy sanoat ahamiyatiga ega foydali qazilma tug’ma oltin bo’lsa, boshqa bir qancha turli minerallar: kyustelit (tarkibida 10-20% Ai), kalaverit Aite2 (40-43% Ai), krennerit (Ai, Ag)Te2 (40% Ai), silvanit (Au,Ag)Te4 (25— 27% Ai), petsit Ag3AuTe2 (25% Ai), kuproaurid AuCu2, rodit Au,Rh, porpesit Au,Pd, aurostibit Au,Sb2, maldonit Au2Bi, yutenbogardeit Ag3AuS2 va boshqalardan ham foydalaniladi. Endogen, ekzogen va metamorfik Oltin rudalari farq qilinadi. Barcha endogen Oltin rudalari gidrotermal yo’l bilan paydo bo’lgan, bir tonnasining tarkibida 2-3 grammdan bir necha yuz grammgacha oltin bor. Endogen Oltin rudalarining barchasi plitasimon tomir massivlar (Rossiya, Qozog’iston, Kanada), egarsimon tomirlar (Sharqiy Sibir, Avstraliya), quvursimon tomirlar va shtokverkli (O’zbekiston, AQSh) rudalardir. Oltin rudalarining tarkibiga 200 dan ortiq turli minerallar kiradi. Oltin-sulfid-kvars rudalari keng tarqalgan (1,5—20% ruda minerallari). Minerallarning asosiysi — kvars, turli miqdorda kaltsiyli va temirli karbonatlar, barit, xlorit, serisit, turmalin. Rudali minerallarning ustuvorlari pirit, kamroq arsenopirit. Ikkinchi darajali minerallar: pirrotin, mis, qo’rg’oshin, rux, vismut, kumush sulfidlari, temir oksidi, tug’ma kumush, ba’zan — telluridlar. Oltinning probasi 700-900. Oltin-kvarsli rudalar tarkibida kamroq mikdorda rudali minerallar va umumiy hajmi ham kam bo’ladi, temir sulfidlari keskin ortadi. Yer yuzasiga yaqin joylashgan oltin-kvarsli va oltin-sulfid-kvarsli rudali konlar oltin-kumush konlari deb ataladi (Sibir, Tyanshan, Filippin hamda AQSh va Meksikada uchraydi). Ular tarkibida xaltsedon, magniy karbonatlari va silikatlari, adulyar, dikkit, kamroq miqdorda flyuorit va rudali minerallardan pirit, markazit, xalkopirit, galenit, argentit, kumush sulfotuzlari, kamroq oltin, kumush, vismut, qo’rg’oshin teluridlari bor. Sulfid rudalari (20-30% rudali minerallar) kam tarqalgan bo’lib, tarkibi oddiyroq: asosan, pirit va arsenopirit, 2-darajada mis, qo’rg’oshin, vismut sulfidlari (ba’zan telluridlari) Oltin rudalari qatlami va ba’zan quvursimon tanalar hosil qiladi (Qozog’iston, Sharqiy Sibir, Avstraliya, Braziliya). Ekzogen Oltin rudalari, asosan, sochma konlarda, kam hollarda oltin sulfidli konlarning oksidlanish zonalarida uchraydi. Bu konlarda rudali qatlamlar va oqimlar yumshoq va mustahkamlanmagan yotqiziqlardan iborat bo’ladi. Oltin esa, ko’pincha yumaloqlangan alohida zarrachalar yoki tangachalar (o’lchami 0,5—4 millimetr), ba’zan qum va gillarni orasida kvars bilan birga qotgan shakllarda uchraydi. Oltin rudalari tarkibida oltinning mikdori 100-150 mg/m3 dan o’nlab g/m3 gacha, probasi 800-950 bo’ladi. Oksidlanish zonasida oltin, asosan, temir va marganes gidroksidlari, mis, margimush, kumush, karbonatlar, kaolinit minerallari bilan assotsiatsiyalashgan holatda yig’iladi, tarkibida 2-3 dan 10 g/t gacha oltin bo’ladi. Oltin rudalari murakkab shaklli uyumlar, linzalar hosil qiladi (Qozog’iston, Rossiya, Dominikana Respublikasi). Metamorfizlashgan Oltin rudalari oltinli konglomeratlar, ba’zan gravelitlar qatlamlari bilan bog’liq bo’ladi. Oltin zarrachalari (5-100 mkm) kvarsseri-tsitxloritli tsementda yoki kvarsli shag’aldagi ingichka tomirchalarda temir va boshqa metallar oksidi va sulfidlari bilan birgalikda joylashadi. Oltinning miqdori 3-20 g/t, probasi 900 dan yuqori bo’ladi (JAR, Avstraliya, Braziliya). O’zbekistonda Oltin rudalari aniqlangan 600 ga yaqin kon ma’lum bo’lib, 144 tasi kadastrga kiritilgan, 12 tasida oltin qazib olish ishlari olib borilmoqda, 15 tasi razvedka qilingan, 16 tasida razvedka ishlari olib borilmoqda (2001). Oltin rudalari konlari asosiy Geologik-sanoat turlaridan uchtasi: oltin-kvarsli (Muruntov, Zarmitan Pirmirob, G’uzoqsoy), oltin-sulfid-kvarsli (Qizilolmasoy, Qo’shbuloq, Balpantov, Marjonbuloq, Sarmich, Bulatkon va boshqalar), oltin-sulfidli (Ko’kpatos, Dovg’iztov, Omontoytov va boshqalar) va 2 ta kompleksli turlari: oltin-kumushli («Yuqorivolt», Kosmanachi, O’qetmas, Oqtepa) va oltin-mis-porfirli (Qalmoqqir, olis va boshqalar) ajratilgan. O’zbekiston oltinning razvedka qilib aniklangan zaxiralari bo’yicha jahondagi eng yirik mamlakatlar orasida 4-o’rinda, yillik qazib olish mikdori bo’yicha 9-o’rinda turadi (2000). Ad.: Rudnie mestorojdeniya O’zbekistona, T., 2001.