Quyoshlilar
Quyoshlilar — sarkomas-tigoforalar tipiga mansub bir hujayrali hayvonlar guruhi (ilgarigi kenja sinfi). Hujayrasining o’lchami, odatda, 0,1—0,3 millimetr. Markaziy kapsulasining bo’lmasligi bilan nurlilardan farq qiladi. Shakli ko’pincha sharsimon, aksopodiylari (tsitoplazmasidan chiquvchi nurlar) radial yo’nalishda bo’ladi. Bunday aksopodiylar bo’ylab mikronaychalar o’tadi. Ayrim Quyoshlilarda kremniy skeleti bor; boshqalarida skelet bo’lmaydi. Yadrosi 1 ta yoki bir nechta (ba’zan 200 tagacha). Jinssiz (2 ga bo’linish yoki kurtaklanish) va jinsiy (amyobasimon, ba’zan xivchinli Gametalar hosil qilib) ko’payadi. Noqulay sharoitda va jinsiy ko’payishidan oldin tsista hosil qiladi. Mikroskopik suvo’tlar, bir hujayralilar, og’izaylangichlar va boshqalar bilan oziqlanadi.