Qa’da

Qa’da (Arabcha — o’tirish) — kishi vafotidan keyin «yigirma» yoki «qirq» marosimini marhumning yaqin qarindoshlaridan biri o’z uyida o’tkazadigan marosim. Marhumning oila a’zolariga og’irlik tushmasligi hamda marhumga bo’lgan hurmat yuzasidan biror kishi (opa-singil, aka-ukalar, bo’lak yashaydigan farzandlar) navbatdagi marosimni «qa’da qilib olib ketadi», ya’ni o’z uyida o’tkazadi. Marhum ruhiga bag’ishlab dasturxon yozadi. Qa’dada marhum xotirasini yodga olmoqchi bo’lgan kishilar marhum xonadoniga emas, Qa’da o’tkazayotgan kishi uyiga boradilar. Marosimga Imom, domla yoki otin oyi taklif qilinib, marhum ruhiga Qur’on tilovat qilinadi. Keyingi paytlarda yaqin qarindoshlardan biri marosimning butun xarajatlarini qoplagan holda Qa’dani marhumning uyida o’tkazish hollari ham uchramoqda. Qa’da marosimi Islom dinida mavjud emas.