Qo’ng’irot
Qo’ng’irot — o’zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. Ilk o’rta asrlarda Oltoy, Mo’g’ulistonning shimoliy qismida yashaganlar. O’rta Osiyoda turli ko’chmanchi turkiy qabila va urug’lar Qo’ng’irotlar atrofida uyushib, ularning qabilaviy nomini qabul qilishgan. 14-asrda Xorazmda Qo’ng’irot zodagonlari orasidan sufiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelgan. 16-asrda Qo’ng’irotlar O’zbek ulusidagi turkiy qabilalar tarkibiga kirgan. Ulus parchalanishi bilan Qo’ng’irotlar o’zbek, qoraqalpoq, qozoq va boshqa xalqlar tarkibiga kirgan. 14-16-asrlar davomida Qo’ng’irotlarning ayrim guruhlari Xuroson. Shimoliy Afg’oniston va Hisor-Sherobod vodiysiga kelib o’rnashganlar. Xorazm hududiga o’tgan Qo’ng’irotlar keyinchalik Xorazmning siyosiy hayotida faol ishtirok etishgan. 18-asrning 2-yarmi — 19-asr boshlarida Xiva xonligini o’zbeklarning Qo’ng’irot sulolasi boshqargan. Bu sulola 1920 yil bolsheviklar tomonidan tugatilgan. Etnograf B.X.Karmisheva Qo’ng’irotlar 5 ta katta urug’dan: vaxtamg’ali, qo’shtamg’ali, qonjig’ali, oyinli va tortuvlidan iborat ekanligini ko’rsatgan. Qo’ng’irotlar orasida eng katta guruh vaxtamg’ali bo’lib, u 18 ta katta uruqqa bo’linadi: Ochamayli, Boymoqli, taroqli, Chanchiqli, Qozoyoqli, cho’michli. Qaychili, ishqili, qiyg’ochli, Jilontamg’ali, bolg’ali, Qoraqo’ng’irot, bug’ajili, Uyuvli, xandaqli, irg’oqli, aboqli Kesovli. 20-asr boshida Buxoro xonligida Qo’ng’irotlarning umumiy soni 85 760 kishidan iborat bo’lgan. Ular, asosan, Boysundaryo havzasi (3525 kishi)da, Qoratog’daryo (13 140), Sheroboddaryo (18 383) va Surxondaryo (9 375) havzalarida ham Kofirnihonda (1 245), qarshi vohasi (7 175)da, G’uzordaryoning quyi qismi (8875) da, Amudaryo vodiysi va Termiz atrofi (3525) da yashashgan. 19-asr oxiri —20-asr boshlarida Qo’ng’irotlarning aksariyati yarim o’troq holda yashab, xo’jaligida chorvachilik muhim rol o’ynagan. Ad.: Karmnsheva B.X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnnx rayonov Tadjikistana i O’zbekistana, M., 1976.