Qorovulbozor tumani
Qorovulbozor tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1993 yil 12 yanvarda tashkil etilgan. Janubdan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani, g’arbdan Olot, shimoldan Buxoro tumani, sharqdan Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Temir yo’l stantsiyasi. Maydoni 2,2 ming km2. Aholisi 13,9 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qorovulbozor), 3 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’zachi, Jarqoq, Navbahor) bor. Tuman markazi — Qorovulbozor shahri. Tabiati. Qorovulbozor tumani relefi, asosan, tekislik bo’lib, adir, qir va qumli cho’l, barxanlar, taqir, sho’rxoklardan iborat. Tuproqlari o’tloqi bo’z, qumoq bo’z, cho’l qumli, sur-qo’ng’ir, taqir bo’z tuproqlar. Janubda sho’rxoklar katta maydonni egallaydi. Jarqoq, Saritosh, Setalantepa platolari hududida och bo’z tuproqlar tarqalgan. Yer osti sizot suvlari yer yuzasiga ancha yaqin. Qorovulbozor tumani hududida tashlama suvlardan Devxona, Xadicha ko’llari hosil bo’lgan. Tumandagi Saritosh, Jarqoq, Setalantepa kabi tektonik kichik burmalarda gaz va neft zaxiralari, qurilish materiallari (gips, ohaktosh va boshqalar) bor. Iqlimi subtropik belgilarga xos cho’l iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0,2°, eng past temperatura -22, -24°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 29,3°. Eng yuqori temperatura 45, 46°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yillik yog’in 150-155 mm. Yovvoyi o’simliklardan boyalich, isiriq, kovrak, yantoq, shuvoq, singren, saksovul, Qandim, rang, qo’ng’irbosh, yaltirbosh va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli ko’shoyoq, Qarsoq tulki, ingichka barmoqli yumronqoziq, tolay quyon, bo’ri, dasht toshbaqasi, malla yumronqoziq, sug’ur, sassiqko’zan, qumsichqon, qum bo’g’ma iloni, charx ilon, cho’l mushugi; qushlardan tuvaloq, qorabovur, Olabovur, qirg’ovullar va boshqalar bor. Tumandagi xo’jaliklar yerlari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladigan Do’stlik va Qorovulbozor magistral kanallaridan sug’oriladi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, rus, turkman, tatar, ozarbayjon, arman, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 6,3 kishi. shahar aholisi 9,5 ming kishi, qishloq aholisi 4,4 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tuman sanoatining rivojlanishi Setalantepa, Saritosh, O’rtabuloq, Ko’kdumaloq kabi gaz va neft konlarining ochilishi bilan bog’liq. Tumanda Buxoro neftni qayta ishlash zavpdi, texnik jihozlarni yig’ish va butlash boshqarmasi, 2 avtokorxona, qurilish korxonalari, bir qancha aktsiyadorlik jamiyatlari, MTP, neft quyish tarmog’i, dehqon bozori, novvoyxonalar bor. 7 shirkat, 2 ijara xo’jaligi, 44 Fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. 6,4 ming gektarda «Qorovulbozor» o’rmon xo’jaligi mavjud. Bu yerda 20 xilga yaqin mevali, manazarali va yog’ochbop daraxtlar o’stiriladi. Tumanda jami 14,3 ming gektar yer sug’oriladi, shu jumladan, 6 ming gektar yerga paxta, 6,5 ming gektar yerga don, shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. 10 gektar yer bog’lar bilan band. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 4,2 ming qoramol (shu jumladan, 1,4 ming sigir), 6,8 ming qo’y va echki, 7,2 ming parranda boqiladi. Qorako’l terisi tayyorlanadi. 7 umumiy ta’lim maktabi (3,2 ming o’quvchi), bolalar musiqa, sport maktablari, biznes maktabi, kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi, madaniyat uyi, 2 klub muassasasi, 4 kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i, yoshlar markazi majmui bor. Ashula va raqs, folklor-etnografik dastalari mavjud. «Go’zal» sport sog’lomlashtirish majmui, markaziy stadion, tennis korti, «Delfin» suzish havzasi va boshqa sport inshootlari ishlab turibdi. tuman Markaziy kasalxonasi, Markazii poliklinika, 3 qishloq vrachlik Punkti, 2 feldsher-akusherlik punkti, tez tibbiy yordam punkti, 15 sog’lomlashtirish punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 43 vrach, 180 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. «Lola» bolalar sanatoriysi bor. Tuman hududidan o’tgan temir yo’l 1916 yilda qurilgan. Bu yerdan Kogon, Qarshi, Kitob, G’uzor, Termiz yo’nalishlarida yo’lovchilar tashuvchi poezdlar o’tadi. Tumandagi avtomobil yo’llar uzunligi 88 kilometr, shu jumladan, xalqaro ahamiyatdagisi 53 kilometr. Buxoro — Qarshi avtomobil magistrali o’tgan. Me’moriy yodgorliklardan Qorovulbozor va Bo’zachidagi qadimgi sardobalar (16-asr) saqlangan. 1993 yildan «Qorovulbozor tongi» tuman gazeta nashr etiladi. Isroil Nazarov, Umar Rashidov.