Qang’ davlati

Qang’ davlati, Qanhxa (qadimgi Xitoy manbalarida Kangkiya, zamonaviy o’qilishda Kangjyuy, rus adabiyotida Kangyuy) — qadimda Sirdaryoning o’rta havzasida mavjud bo’lgan davlat (miloddan avvalgi 3 — milodiy 5-asr o’rtalari). Ayrim adabiyotlarda ushbu davlat aholisi ham uning nomlari bilan ataladi. Q. Shoniyozovning fikricha, Qang’ davlati Sharqda Farg’ona (Davan, Dayyuan), shimoliy Sharqda usun (uysun) davlatlari, shimoli g’arbda Sarisu, g’arbda Sirdaryoning quyi oqimi bilan chegaradosh bo’lgan. Xitoy manbalariga ko’ra, Qang’ davlatining Janubiy hududiga hozirgi O’zbekistonning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo’rg’on va Urganch tumanlari kirgan bo’lib, uning chegarasi Amudaryoga borib taqaladi. Janubiy da — Dayruzie (Dayuechji) davlati joylashgan. Kushon podsholigi tashkil topishi va uning hududi kengayishi munosabati bilan Qang’ davlatining Janubiy chegarasi o’zgargan. Shu tufayli miloddan avvalgi 2-asrda Xitoy elchisi Chjan Syan’farg’onaliklar yordamida Qang’ davlati orqali Dayruzie (Dayuechji) davlatiga borgan. Qang’ davlatining qishki poytaxt shaharlari Bityan va Sushie bo’lgan. Bityan Binkat shahri (boshqa manbalarga ko’ra, Qanqa) o’rnida, Sushie esa hozirgi Parkent tumanidagi So’qoq (Sukeeke) nomli joyga to’g’ri keladi. Qang’ davlatining yozgi qarorgohlari Issiqko’l bo’ylab, hozirgi Qoraqo’l (Prjevalsk) yonida bo’lgan. Qang’ davlatining qo’shini 80-90 ming jangchini tashkil etgan. Qang’ davlati aholisining urf-odatlari Ruzie (Yueszi) davlati aholisi urf-odatidan farq qilmagan. O’z navbatida, ruzieliklar urf-odatlari hunlarnnkiga o’xshash bo’lgan. Qang’ davlati hukmdori va Hun xoqonligi tangriquti o’rtasida qudachilik munosabatlari o’rnatilgan. Shu tufayli Xitoylar hunlar ustidan g’olib chiqib, ularni o’z joylaridan siqib chiqarganida, hun xoqoni o’z avlodi bilan Qang’ davlatiga ko’chib kelgan. Qang’ davlatining ko’chmanchi aholisi chorvachilik, shaharlar va ularning atrofida yashagan o’troq aholi esa dehqonchilik, hunarmandchilik va savdosotiqbilan shug’ullangan. Ular Buyuk ipak yo’lining xalqaro siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarda muhim o’rin tutganlar. Qang’ davlati hududida jiddiy migratsion jarayonlar sodir bo’lib turgan. Milodiy 5-asrning 2-yarmida Qang’ davlati parchalanib, uning hududida Shosh (Shi), Samarqand (Kan), Maymurg’ (Mi), Shahrisabz (Shi), Kattaqo’rg’on (Xe), Usrushona (Tsao) kabi kichik davlatlar tashkil topgan. Abdulahad Xo’jayev.