Quva budda ibodatxonasi
Quva budda ibodatxonasi (7-8 asrlar) — qadimgi Shahriston yodgorligining shimoliy tomonidagi rabod qismida bunyod etilgan ibodatxona. Arxeologik tekshirishlar natijasida shu aniqlandiki, 7-asr oxiri — 8-asr boshlarida shahristonda uy-joy va aholi ko’payib, undan tashqaridagi hududni o’zlashtirishga ehtiyoj tug’ilgan. Ushbu joyda 80 dan ortiq xona, 5 ta ko’cha va ular bilan bog’liq Markaziy maydon qazib ochilgan. Uning shimolda esa 7-8-asrlarda foydalanilgan budda ibodatxonasi qoldiqlari kavlab o’rganilgan. Ibodatxona 2 ta katta zaldan iborat bo’lib, biri sig’inish uchun, ikkinchisi ibodat qilishga mo’ljallangan. 1-xonada iloh (Xudo)larga qurbonliklar (gul, meva-cheva va boshqalar) keltirilib, o’rtadagi tagkurasiga qo’yilgan va ibodat qiluvchilar aylanib chiqib ketishgan. Uning yong’inasida asosiy ibodat bajariladigan xona bo’lib, uni yarmi saqtangan xolos. Kuchli yong’in natijasida binolar va ulardagi buyumlar kuyib yo’q bo’lib ketgan. Shunga qaramay, 2 otliq va ular yonidagi jangchilar haykallarining parchalari saqlangan. Haykallar, tasvirlar majmuasila yovuzlik ilohi Mara, yaxshilik ilohi va budda himoyachisi Shri-devi, Manjushra siymolari yaxshi saqlanmagan. Quva budda ibodatxonasi o’zining me’moriy yechimi bilan O’rta Osiyodagi Budda inshootlaridan ayrim belgilariga ko’ra bir oz farq qiladi. Xususan, Budda ibodatxonalariga xos va diniy marosim o’tkazishda foydalanilgan ayrim me’moriy belgilar bunda uchramaydi. Quva budda ibodatxonasi qurilishida ko’proq mavjud shart-sharoit va mahalliy qurilish an’anasidan foydalanilgan. Yana bu yerdan topilgan haykallar tasvirlarida, ayniqsa, yuz tuzilishida bir oz bo’lsa-da, turkiylashgan qiyofa berishga harakat qilingan. Bu ibodatxona va topilmalar mutaxassislar tomonidan ko’plab tortishuvlarga sabab bo’ldi. Bu inshoot budda dinidagi mustaqil oqim — vad-jrayana yo’nalishiga taalluqli yagona yodgorlik deb talqin etilmoqda. Bu oqim ko’proq hinduizm ta’sirida bo’lib, O’rta Osiyoda faqat Quva budda ibodatxonasida kuzatilgan. Quva budda ibodatxonasi topilmalari Hindiston va Sharqiy Turkistonda aniqlangan materiallarga o’xshashligi bilan, o’rta asrlardagi madaniy-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlanganini, madaniyat va san’atni yuksalganini ko’rsatadi. Ad.: Bulatova V.A., Drevnyaya KUVA, T., 1972; Staviskiy B.Ya., Sudbi buddizma v Sredney Azii (po arxeologicheskim dannim), M., 1998. Boqijon Matboboyev.