Qoraterak
Qoraterak — toldoshlarga mansub daraxt. Rossiyaning Yevropa qismi, Sibir va O’rta Osiyoda ko’p tarqalgan. Ikki uyli o’simlik. Bo’yi 25 metrgacha, diametri 4 metrga yetadi. Tanasi yo’g’on, kulrang po’stloq bilan qoplangan. Bargi uchburchak, mayda arrasimon qirrali, uzun bandli, navbatlashib joylashgan. Barg chiqarishdan oldin gullaydi. Gullari mayda, bir jinsli, kuchala to’pgulga yig’ilgan. Mevasi ko’p urug’li, pishganda 2-4 pallaga bo’linadigan ko’sakcha. O’zbekistonning deyarli hamma viloyatlarida manzarali daraxt sifatida o’stiriladi. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yovvoyi holda uchraydi. Qoraterakning barg kurtagi tarkibida efir moyi, smola. organik kislotalar, glikozidlar, oshlovchi va bo’yoq moddaaar bor. Xalq tabobatida Qoraterakning barg kurtagidan tayyorlangan damlama haroratni pasaytiruvchi, yurak faoliyatini yaxshilovchi vosita sifatida ishlatiladi. Uruti, qalamchasi va ildiz bachkilaridan ko’paytiriladi. Daraxtzorlar va daryo bo’ylarida o’rmonlar barpo qilishda foydalaniladi. Yog’ochi yumshoq.