Qishloq aholisi
Qishloq aholisi — mamlakat jami aholisining viloyat va tumanlardagi qishloq-ovullarda yashaydigan qismi. Qishloq aholisining aksari qismi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik yoki qishloq xo’jaligining boshqa turlari bilan mashg’ul bo’ladi. mamlakat iqgisodiy rivojlangan sari sanoatda ishlovchilar salmog’i ortib, butun aholi tarkibida Qishloq aholisi salmog’i kamayib boradi. 19-asr boshlarida qishloqlarda jahon aholisining 95-97%, 20-asr boshlarida qariyb 85% yashagan bo’lsa, 1970 y.da 65% dan kamrog’i istiqomat qildi. Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda Qishloq aholisi salmog’i ancha past. Masalan, Buyuk Britaniyada 11%, Germaniyada 12%, AQShda 21% ga yaqin. Ba’zi mamlakatlarda shaharlarning ekologik sharoiti og’irlashib borishi va transportning rivojlanishi natijasida aholi shaharlardan qishloqlarga ko’chib o’tishi jarayoni kuzatiladi. So’nggi yillarda O’zbekistonda shahar aholisining o’sish sur’ati pasayib ketdi. Qishloq aholisining shahar aholisiga nisbatan jadalroq ko’payishi natijasida O’zbekistonda shahar aholisining ulushi pasayib bormoqda. Respublikada Qishloq aholisining o’sishiga aholi tabiiy ko’payishi ko’rsatkichlari (asosan, tug’ilish)ning ko’payishi ham sabab bo’lmokda. Masalan, 1991 yilda mamlakat aholisining 59,5% ni qishloq, 40,5% ni shahar aholisi tashkil etgan bo’lsa, 2004 yilda bu ko’rsatkich mos ravishda 63,5% va 36,5% dan iborat bo’ldi, ya’ni Qishloq aholisi salmog’i 4,0% ga oshgan. Hozirda O’zbekistonning qishloqjoylarida tug’ilishning umumiy koeffisienti (har 1000 kishiga nisbatan tug’ilganlar soni) 22,4 ni, tug’ilishning maxsus koeffisienti (har 1 ta 15-49 yoshdagi ayolga nisbatan bolalar soni) 2,75 ni tashkil qiladi. O’zbekistonda yangi iqtisodiy islohotlarning joriy etilishi, bozor munosabatlarining shakllanishi va boshqalar. Qishloq aholisining demografik vaziyatiga ma’lum darajada ta’sir etdi. Nafisa Majidova.