Qiyshiq bo’yin
Qiyshiq bo’yin — bo’yin yumshoq to’qimalari va muskullarining bir tomonlama tortishishi, umurtqa pog’onasi bo’yin qismining qiyshayishi yoki kasallanishi natijasida boshning bir tomonga qiyshayib qolishi. Ko’pincha homilaning ona qornida noto’g’ri rivojlanishi yoki tug’ruq vaqtida bola bo’ynining yumshoq to’qimasiga shikast etishi oqibatida paydo (tug’ma Qiyshiq bo’yin) bo’ladi. Kishi kuyganda, jarohatlanganda, yallig’lanish jarayonlaridan so’ng bo’yinda chandiq hosil bo’lganda ham bo’yin qiyshayib qolishi mumkin. Tug’ma Qiyshiq bo’yinda bo’yin bir tomonga (shikast yetgan muskul tomonga) qiyshayib qoladi, ensa o’sha tomonda elkaga yaqin turadi, iyak esa ko’tarilgan va qarama-qarshi tomonga burilgan bo’ladi. Chandiqlanish natijasida paydo bo’lgan Qiyshiq bo’yinda bo’yinning qiyshayishi chandiqning joylashishi va katta-kichikligiga bog’liq. Bola boshini bemalol qimirlata olmasa-da, og’riq sezmaydi. Tug’ma Qiyshiq bo’yinda bo’yinning qiyshiqligi bola tug’ilgan kunidan boshlab bilinadi. O’z vaqtida davolanmasa, unga ikkilamchi nuqsonlar — umurtqa pog’onasi bo’yin qismining qiyshayishi qo’shiladi. Ko’pincha chaqaloq boshi uzunchoq va yon tomonlari go’yo yassi bo’lib ko’rinadi. Tug’ruq tufayli bosh shaklining bu xildagi o’zgarishi keyinchalik yo’qolib ketadi. Biroq bunday bola doimo boshini bir tomonga qiyshaytirib yotadi, bu esa Qiyshiq bo’yinning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, bolalar ensasi ostiga bosh to’fi tursin uchun yumshoq paxta chambar qo’yish tavsiya etiladi. Ona bolada salgina, hatto vaqtinchalik o’zgarish sezsa, darhol vrachga murojaat etishi kerak. Ba’zi hollarda Qiyshiq bo’yin operatsiya qilinadi. Operasiyadan so’ng ota-ona vrach nazoratida davo gimnastikasi va massaj qilib turishlari kerak.