Qilchuvalchanglar
Qilchuvalchanglar — umurtqasiz hayvonlar sinfi. 12 urug’i ma’lum. Tanasi qilsimon (nomi shundan). Oq, och jigarrang yoki qora, uzunligi bir necha millimetrdan 1,5 metrgacha. Yo’g’onligi 0,5—2 millimetr. Hasharotlar va qisqichbaqasimonlarda parazit. Ichagi qisman reduktsiyaga uchragan; hayvon tanasida osmotik oziqlanadi. Ayirish organlari bo’lmaydi, 5 turkumga mansub 300 turi tarqalgan. Voyaga yetgan Qilchuvalchanglar chuchuk suvlar va dengizlarda yashaydi. Bir necha million tuxumini oq tizimcha ko’rinishida qo’yadi. Lichinkalari dastlab erkin yashaydi; keyinroq harakatchan xartumi yordamida oraliq xo’jayini (ninachilar, xironomidlar, kunliklar lichinkasi)ga o’tib, tsista hosil qiladi. Qilchuvalchanglar asosiy xo’jayini tanasida voyaga yetadi va uning qobigini teshib suvga chiqadi. Suvga tuxum qo’yib, o’zi halok bo’ladi. Qilchuvalchanglarning to’liq rivojlanish tsikli 1 yildan ko’proq davom etadi. Chuchuk suv havzalarida, jumladan, O’zbekistonda oddiy Qilchuvalchanglar ko’p uchraydi.