Pul massasi
Pul massasi — xo’jalik aylanmasiga xizmat ko’rsatadigan va xususiy shaxslar, korxonalar va davlatga tegishli xarid va to’lov vositalarining jami hajmi. Pul massasi muomaladagi va jami Pul massasiga bo’linadi. Muomaladagi Pul massasi muayyan davrda, muayyan sanada harakatda, muomalada bo’lgan pul miqdorini, jami Pul massasi muomalaga chiqarilgan pullarning to’liq miqdorini bildiradi. Unga naqd pullar, korxonalar va aholining banklarda hisobvaraqlarda saqlanayotgan pul mablag’lari, to’lanishi shart bo’lgan pul majburiyatlari kiradi. Tovar ayirboshlash va to’lov-hisob-kitob munosabatlari shakllarining rivojlanishi bilan muomalada yurgan Pul massasining tarkibi va tuzilmasi jiddiy o’zgarishlarga uchraydi.