Nagoya

Nagoya — Yaponiyadagi shahar. XonSyu orolida, Ise qo’ltig’i sohilida. Ayti prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 2,17 million kishi (2000). Mamlakatning yirik (Tokio va Osakadan keyin 3-o’rinda) sanoat, moliya, transport, savdo va madaniy markazi. Asosiy portlardan biri (yillik yuk ortib-tushirish 110 million tonnadan ortiq, Yaponiya tashqi savdo yuk aylanmasining 1/2 qismi). Nagoya — 27 shaharni (eng yiriklari Toyota, Okadzaki, Itinomiya, Seto) o’z ichiga olgan aglomeratsiya markazi. Mashinasozlikning turli sohalari (jumladan, elektrotexnika, radioelektronika, kemasozlik, avtomobilsozlik, aniq priborsozlik va boshqalar), qora va rangli metallurgiya, neft kimyosi rivojlangan. To’qimachilik (jun va sun’iy gazlamalar ishlab chiqarish), oziq-ovqat, poligrafiya, farfor-keramika sanoati korxonalari mavjud. Universitet, botanika bog’i, muzeylar, metropoliten bor. Me’moriy yodgorliklardan Asuta ibodatxonasi (milodiy boshlarida qurilgan), qasr (1612), Tofukudzi ibodatxonasi (735) saqlangan.