Nur bilan davolash, nurterapiyasi
Nur bilan davolash, nurterapiyasi — ionlovchi nurlar (alfa, beta, neytron, elektron, proton zarralar hamda rentgen va gamma nurlar)dan davo maqsadida foydalanish; har xil o’smalar va ba’zi yallig’lanish jarayonlarini davolashda keng qo’llanadi. Nur bilan davolash ionlovchi nurlarning biologik ta’sir ko’rsatishiga asoslangan. Bunda nurlar to’qimalar bilan o’zaro ta’sirlashib, ularda ionlanish hamda murakkab fizik-kimyoviy va biokimyoviy jarayonlarni yuzaga keltirib, nurlantirilgan to’qimalarning hayot faoliyatini izdan chiqaradi. Ionlovchi nurlar xavfli o’sma to’qimalariga sog’ to’qimalarga qaraganda ko’proq ta’sir qiladi; o’smalarni Nur bilan davolashda uning ana shu xususiyati nazarda tutiladi. Nur bilan davolash mustaqil yoki davo usullari bilan birga olib boriladi. Nur bilan davolash xirurgik davo usullari bilan birga olib boriladigan bo’lsa, nur operatsiyadan oldin yoki keyin beriladi. Hoz. ko’pchilik mamlakatlarda onkologik bemorlarning 70% i nur bilan davolanadi. O’smalarga nur berilganda avval hujayralar bo’linishi va ko’payishi sekinlashadi, keyin to’liq to’xtaydi. Lekin o’sma hujayralarining bir qismi doimo tirik qoladi. Bu juda xavfli, chunki ularning bir qismi — retsidiv (qaytalangan) o’smaga, boshqasi — metastaz (ikkilamchi) o’smaga aylanadi. Hujayralarning omon qolishi, atrof muhitning turli omillari ta’sirida paydo qilingan zararlarni bartaraf qiladigan (reparasiyalovchi) fermentli sistema bilan ta’minlanganidadir. Bu sistema yaxshi ishlasa, shikastlangan hujayraning faoliyati to’liq tiklanadi. Har bir hujayraning umrida nurga nisbatan yuqori va past sezgirlik davri bo’ladi. Agar ionlovchi nur hujayraning yuqori sezgirlik paytida ta’sir etsa, u qattiq shikastlanadi, sezgirlik past vaqtida bo’lsa, faoliyati uncha o’zgarmaydi. Ko’pgina tadqiqotlarda ko’rsatilishicha, o’sma hujayrasining nur bilan zararlanish darajasi undagi kislorod miqdoriga bog’liq: kislorod ko’p bo’lsa, nur ta’siri kuchli, kam bo’lsa, aksincha. Shuning uchun kislorodga boy o’sma hujayralari nobud bo’ladi, siyrak bo’lsa, omon qoladi. Klinik amaliyotda Nur bilan davolash rejasi o’sma paydo bo’lgan normal to’qimaning nurga sezgirligiga va o’sma hujayralarining morfologik yetukligi darajasiga asoslanadi: limfoid to’qimadan o’sib chiqqan sarkomalar biriktiruvchi to’qima o’smalariga nisbatan nurga o’ta ta’sirchan, hazm yo’li o’smalari — nurga chidamli. O’smalarni Nur bilan davolashda, asosan, ikki nur manbai: zaryadlangan zarralar tezlatkichlari (rentgen asboblar, tsiklik va chiziqli tezlatkichlar) va sun’iy radioaktiv moddalar (gamma-moslamalar, radioaktiv moddalar)dan foydalaniladi. Nur bilan davolashning organizmga tashqi (Distantsion va kontakt usullar) va ichidan nur ta’sir ettirish (nur chiqaruvchi manba bemor organizmiga kiritiladi) yo’li bilan amalga oshiriladi. Amaliyotda ko’proq tashqi nurlash qo’llaniladi. O’smalarni Nur bilan davolashda ularni to’liq emirish uchun ionlovchi nurlarning katta dozasini qo’llashga to’g’ri keladi: bunda nur reaktsiyalari (nurga nisbatan organizmning mahalliy va umumiy reaktsiyalari) kuzatiladi, bunda darhol vrachga murojaat qilish zarur. Nur bilan davolashning samarali bo’lishi bemorning vrach ko’rsatmalariga rioya qilishiga bog’liq. Narimon Murodxo’jayev.