Narziqulov Hoshim
Narziqulov Hoshim (1900 — Samarqand — 1963.9.1) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1939). Nasim Hoshimovning otasi. Ijodiy faoliyatini 1918 yilda Abdulla Badriy rahbarligidagi «Samarqand» musulmon truppasida boshlagan. 1927-30 yillar «Ko’k ko’ylak» teatrida, 1930 yildan Hamid Olimjon nomidagi Samarqand davlat o’zbek drama teatrida aktyor, truppa boshlig’i, rejissyor 1944-48 yillar Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasining boshlig’i, 1948-57 yillar Madaniyat ishlari vazirligida teatr bo’yicha mas’ul xodim bo’lib ishlagan. Mirkomilboy (A. Badriy, «sho’ring qursin, Mirkomilboy!»), Muslim (F. Zafariy, «Halima»), Ibrohim (K. Yashin, M. Muhamedov, «Ichkarida»), Xusrav (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Xon Boboxon, Qorabotir (S. Abdulla, «Toxir va Zuxra»), Sultonbek (U. Hojibekov, «Arshin mol olon») singari obrazlari bilan o’zbek teatri san’atiga munosib hissa ko’shdi. «Arshin mol olon», «Farhod va Shirin», «po’rtana» (S. Abdulla), «G’unchalar» (Z. Fatxullin) kabi spektakllarni saxnalashtirgan.