Narva

Narva — Estoniyadagi shahar. Narva daryosining chap sohilida, uning Fin qo’ltig’iga quyilish joyidan 14 kilometr uzoqlikda. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 83 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Shahar sanoatining asosiy tarmoqlari — energetika, to’qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish. Narva yaqinida mahalliy slanesda ishlaydigan Boltiq bo’yi GRES, Estoniya GRES ishlab turibdi. GES bor. Yirik ip gazlama korxonasi — Krengolm manufakturasi, yog’ochsozlik, mashinasozlik, metallsozlik, oziq-ovqat va boshqa sanoat korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Narva ko’prik orqali Ivangorod (Leningrad viloyati) bilan bog’langan. Politexnikum, tarix muzeyi mavjud. Shahar ilk bor 1171 yilgi Novgorod solnomasida Rugodiv nomi bilan tilga olingan. Daniya, Shvesiya Livon ordeni tasarrufida bo’lgan. 1704 yilda rus qo’shinlari tomonidan ishg’ol qilindi. 1919 yildan Narva Estoniya tarkibida. Shaharda tarixiy me’moriy yodgorliklardan: qasr (13-15-asrlar), shahar istehkomlari (14-asr), ratusha (17-asr) saqlangan.