Niderland san’ati
Niderland san’ati — Niderlandiya hududi (hozirgi Belgiya, Gollandiya, Lyuksemburg va qisman Frantsiyaning shimoli-sharqi)da o’rta asrlarda mavjud bo’lgan yagona badiiy maktab; 14-asrdan to Niderlandiya inqilobi g’alabasi (16-asr) ga qadar bo’lgan davrda bu yerlarda G’arbiy Yevropa O’rta asrlar va Uyg’onish davri san’ati shakllangan. Niderlandiya hududida Karolinglar davrida bazilika tipidagi cherkovlar, ba’zan Markaziy kapellalar qurilgan, 11 —13-asrlarda roman uslubi rivojlangan. Dastlabki turar joy binolari paydo bo’lgan; qasr va bozor maydonlari atrofida aylana tarxli ratusha, gildiya uylari va ustaxonalari bo’lgan shaharlar qad ko’tardi, shaharning minorali devorlari, ko’priklari mustahkam qilib qurildi. Maas vodiysi me’morligida roman va gotika uslublari uyg’unlashgan. Shimoliy Niderlandiyada g’ishtli gotika keng tarqalgan, binolardagi hashamatli bezaklar binoning mahobatli shakliga bo’ysundirilgan. Niderland san’atida haykaltaroshlik va rangtasvirda yutuklarga erishildi. 11-asrdan miniatyura (Stavlo «Injil»i, 1093-97), badiiy bronza buyumlar tayyorlash, zargarlik san’ati, 13-15-asrlarda gotika haykaltaroshligi («Momo Havo», Lejdagi Sen-Jan cherkovida), monumental («xochga mixlash», Utrextdagi Sint-Piterskerk cherkovida) va Dastgoxli (rassomlar J.Maluel, A. Bel-shoz, M.Bruderlam) rangtasvir rivojlangan; haykaltarosh K. de Verve, miniatyurachi rassomlardan aka-uka limburglar mashhur bo’lgan. 15-asrdan Niderland san’ati Shimoliy Yevropa san’atida yetakchi o’rin tutdi, inson va tabiatga yangicha munosabatlar shakllandi, inson va tabiat orasidagi uyg’unlikni aks ettirish shu davrlarda yaratilgan asarlarga betakror ruh baxsh etdi. Jumladan, Ya. van EYK asarlarida kundalik hayot rang-barangligi va ko’tarinki ruxi o/z ifodasini topdi, rang va nur alohida plastik kuch va ifodalilik kashf etib, Yevropa rangtasvirining keyingi rivojida muhim rol o’ynadi, rassomning o’zi shimoliy Yevropa Uyg’onish davri san’ati asoschisiga aylandi. 15-16-asrlar Niderlandiya Uyg’onish davrida altar kartinalari, portretlar, miniatyuralarda rassomlar (R.Kampen, Ya. van EYK, Rogir van der Veyden, X.van der Gus, X.Bosx va boshqalar) dunyoviy hayotni haqqoniy aks ettirdilar. 16-asr 2-yarmida dunyoviy rangtasvirning portret (A.Mor, D.Yakobus), manzara (I.Patinir), maishiy janr (Luka Leydenskiy, P.Breygel katta) turlari taraqqiy etdi. Niderland san’ati amaliy bezak san’atida mujassamoti kup shaklli shpalerlar ishlab chiqarish, zargarlik san’ati, sopol buyumlar tayyorlash, kashtachilik, 16-asrdan badiiy tur to’qish yuksak darajaga ko’tarildi. Niderlandiya burjua inqilobi g’alabasidan so’ng Niderland san’ati ikki mustaqil — Gollandiya va Flamand maktablariga ajraldi va o’ziga xos tarzda rivojlandi va talqin qilindi.