Niso jangi
Niso jangi (1221 yil) — Jaloliddin Manguberdining mo’g’ullarga qarshi dastlabki zafarli janglaridan biri. Chingizxon, Muxammad Xorazm shohning farzandlari Urganchdan chekinishganidan darak topgach, Xurosonning shimoliy chegaralariga mo’g’ullarning kuzatuvchi qo’shinlarini joylashtirishga farmon bergan. Niso shahrining tevarak-atrofida 700 otliqdan iborat mo’g’ul askari turgan edi. Jaloliddin Qoraqumdan o’tib 300 otliq askari bilan to’satdan mo’g’ullarga shiddat bilan hujum qilgan. Mo’g’ullar sarosimaga tushib qurol-yarog’ va oziq-ovqatlarini tashlab qochganlar, ulardan ozginasi qutulib qolgan. Nasaviy bu jangni mo’g’ullar bilan bo’lgan urushdagi musulmonlarning dastlabki g’alabasi deb ataydi. Niso jangidagi g’alaba tufayli Jaloliddin va uning safdoshlari horigan otlarini almashtirib, eson-omon Nishopurga yetib olishga muvaffaq bo’lishgan.