Neyrodermit

Neyrodermit (neyro… va Yunoncha derma — teri) — terining nerv-allergik kasalligi. Qattiq qichishish, tugunchali toshmalar — papulalar toshishi, zararlangan soha terisining qalin tortishi bilan kechadi. Neyrodermitga, asosan, nerv sistemasining funktsional o’zgarishlari, irsiy omillari, me’da-ichak kasalliklari, ichki sekresiya bezlari faoliyati hamda moddalar almashinuvining buzilishi va hokazolar sabab bo’ladi. Neyrodermitning cheklangan, diffuz (tarqoq) va atipik shakllari bor. Cheklangan Neyrodermitda terining ma’lum bir sohasi qattiq qichishadi. Zararlanish o’chogi bo’yinning orqa va yon qismi, jinsiy a’zolar, dumbalar orasidagi burmalar va katta bo’g’imlarning bukuvchi yuzasida bo’ladi. Qichishish kuchayganda terida mayda tugunchalar paydo bo’lib, yuzasi kepakli tangachalar bilan qoplanadi. Keyinchalik tugunchalar bir-biri bilan qo’shilib, kattagina joyni egallashi mumkin. Toshmalar och pushti, qo’ng’ir tusda, yassi va yumaloq shaklda bo’ladi. Teri asta-sekin kalin tortib zichlashadi. O’tkir yallig’langan o’choqlarda shilinishlar kuzatiladi. Hadeb qashlana berish natijasida chiqqan qon qotib, qora qo’tir bo’ladi. Kasallik uzoq davom etadi. Diffuz Neyrodermitda, asosan, yuz, bo’yin, qo’l va oyoq bukilmalari, jinsiy a’zolar va sonning ichki yuzasi zararlanadi. Dastlab och pushti rangli tugunchalar paydo bo’ladi va infiltratlanadi. Teri quruq, usti mayda kepakli tangachalar bilan qoplanadi. Tananing tabiiy burmalarida yoriklar yuzaga keladi. Terining kuchli qichishishi, toshmalar toshishi, nerv sistemasi faoliyatining buzilishi va boshqalar Neyrodermitga xos belgilardir. Kuchli qichishish bemor uyqusining buzilishiga, nevrotik holatga olib keladi. Kasallik ko’pincha faslga bog’liq, u, asosan, qishda zo’rayib, yozda remissiya holatida bo’ladi. Neyrodermit bronxiol astma, vazomotor rinit va boshqa allergik kasalliklar bilan birga kechishi mumkin. Ekssudatli Neyrodermit ham bor, bunda toshmalar namlanib turadi, ular tushib ketgach, o’rni anchagacha qizarib turadi. Bitami Neyrodermitlar, gormonlar, tinchlantiradigan dorilar, maz va boshqalar, shuningdek, fizioterapevtik muolajalar buyuriladi.