Nevrasteniya

Nevrasteniya (nevr… va Yunoncha astheneia — darmonsizlik), astenik nevroz, asab toliqishi, asab ojizligi — nerv sistemasinnng uzoq vaqt o’ta toliqishi, ya’ni ruhiy iztirob natijasida kelib chiqadigan kasallik, nevrozlarning bir turi Nevrasteniyaga intoksikasiya (ko’pincha alkogoldan), infektsiya, o’ta toliqish, to’yib ovqatlanmaslik, bosh miya shikastlanishi, shuningdek, tez-tez asabga tegadigan va darmonni quritadigan vaziyatlar, kechasi kam uxlash va boshqalar sabab bo’ladi. Nevrasteniyada, asosan, asteniya sindromiga xos alomatlar yuzaga keladi. Bunda bemor salbiy ta’sirotlarga oson beriluvchan, serzarda, jahldor, tez charchaydigan bo’lib qoladi, madori quriydi, yotganida tez uxlab qolib, salgina shovqinga uyg’onib ketadi. Bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’i faoliyatining buzilishi tufayli oliy nerv faoliyatida qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining munosabatlari buzilib, avval birinchisi, keyinroq ikkinchisi ustunlik qiladi. Nevrasteniya alomatlari ham ana shunday kelib chiqadi, dastlab bemor ta’sirchan, jahldor, bezovta, keyinchalik charchagan, bo’shang, horg’in, uyquchan, kayfiyati buzuq, xotirasi pasaygan ahvolga tushadi. Hissiyot ojizligi, sezgilarning oshishi, teri sezuvchanligining og’riqli darajagacha ortishi, betoqatlik, shu vaqtning o’zida ruhiy va jismoniy toliqish, diqqat va xotiraning pasayishi kuzatiladi. Nevrasteniyaga xos alomatlardan biri uyquning buzilishi va tez-tez bosh og’rib turishidir. Uyqu juda yuzaki bo’lib, aksariyat hollarda beto’xtov davom etib, tush ko’rish bilan kechadi. Kunduzi esa uyqu bosadi, bemor uyqudan turganida kuchli charchagan, horg’in bo’ladi. Nevrasteniyada ko’p uchraydigan belgilar — bu turli-tuman somato-vegetativ va nevrologik buzilishlardir. Bunga ishtahaning buzilishi, og’iz qurishi, kekirish, ko’ngil aynishi, ich dam bo’lishi, qabziyat, ko’p terlash, tomir urishi va arterial bosimning o’zgaruvchanligi, ko’z qovoqlari va barmoqlarning titrab turishi (tremor), pay reflekslarining kuchayishi, jinsiy faoliyat susayishi va hokazolar kiradi. Bu alomatlar bemorning umumiy ahvoli yaxshilanishi bilan tezda o’tib ketadi. Nevrasteniyada mehnat qilish va dam olishni to’g’ri uyushtirish, sport bilan shug’ullanish, sayr qilish, suv muolajalaridan foydala-nish, vitaminli ovqatlar iste’mol qilish, oilada, ishda tinch va xotirjam bo’lish bemorning tezda sog’ayib ketishiga olib keladi.