Nikoh
Nikoh — ikki jins vakillarining o’zaro roziligi asosida tuzilgan ittifoq. Nikoh og’maning vujudga kelishida birdan-bir asos bo’lgani bois u faqat axloq normalari bilan emas, balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Ijtimoiy munosabat sifatida Nikoh turli jamiyat va tuzumlarda turlicha ko’rinishda bo’lgan. Nikohni qayd qilish tartibi, Nikoh yoshiga qo’yiladigan talablar turli mamlakatlarda bir-biridan farq qiladi. Bir qator mamlakatlarda Nikoh fuqaroviy-huquqiy bitim hisoblanib, uni rasmiylashtirish tartibi oila qonunchiligi bilan emas, fuqaro qonunchiligi bilan belgilanadi. Frantsiyada Nikoh yoshi ayollar uchun 15, erkaklar uchun 18, Italiyada tegishlicha 14 va 16, GFRda esa 16 va 21, AQShda (turli Shtatlarida turlicha) 14-18 va 15-21 yosh qilib belgilangan. Nikohdan o’tishda bo’lajak er-xotinning mol-mulki to’g’risidagi masala katta ahamiyatga ega. Buning uchun Nikoh shartnomalari tuziladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida ta’kidlanishicha, Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqligiga asoslanadi. Nikoh masalalari O’zbekiston Respublikasining oila kodeksida (1998 qabul qilinib, o’sha yili 1 sentabrdan amalga kiritilgan) o’z ifodasini topgan. Amaldagi oila qonunchiligi Nikohning tuzilishi tartibiga, uni davlatning tegishli organlari tomonidan rasmiylashtirilishiga alohida e’tibor beradi. O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 13-moddasiga binoan, Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Shunday Nikohgina huquq va majburiyatni vujudga keltiradi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan Nikoh yuridik kuchga ega emas. Shuningdek, soxta Nikoh, ya’ni er-xotin yoki ulardan birining oila qurish maqsadini ko’zlamay tuzgan Nikohi ham haqiqiy emas deb topiladi. Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi va Nikoh yoshi Nikohdan o’tishning asosiy shartlari hisoblanadi. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Nikoh yoshi O’zbekistonda erkaklar uchun 18, ayollar uchun 17 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo’lganida, alohida hollarda nikohlanuvchilarning iltimosiga ko’ra, Nikoh davlat ro’yxatidan o’tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi Nikoh yoshini ko’pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin. Loaqal bittasi ro’yxatga olingan boshqa Nikohda turgan shaxslar o’rtasida, nasl-nasab shajarasi bo’yicha to’g’ri tutashgan qarindoshlar o’rtasida, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o’rtasida, loaqal bittasining ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki akli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o’rtasida Nikoh tuzishga yo’l qo’yilmaydi. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko’rikdan o’tkazish shart qilib qo’yilgan. Unga ko’ra, nikohlanuvchi shaxslar davlat sog’liqni saklash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko’rikdan o’tadilar. Belgilangan shartlarning buzilishi sud tomonidan Nikohni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo’lishi mumkin. Nikoh er-xotindan birining o’limi yoki o’lgan deb e’lon qilinishi oqibatida tugatiladi. Er-xotin hayotligida Nikoh nikohdan ajralish yo’li bilan bekor qilinishi mumkin.