Neorealizm
Neorealizm (Neo… va realizm) — 1) 20-asrning 40-yillari o’rtasidan 50-yillar o’rtasigacha Italiya kinosida mavjud bo’lgan oqim. Demokratik milliy san’at uchun kurash jarayonida tarkib topgan. Ijtimoiy adolat va oddiy insonning qadr-qimmati g’oyalarini himoya qildi. Hayotiy faktlar asosida qurilgan filmlar aksariyat nomutaxassis ijrochilar ishtirokida yaratildi. Neorealizmning badiiy manifesta R.Rosselinining «Rim — ochiq shahar»i (1945) filmidir. Ch. Dzavattini, L. Viskonti, V. De Sika, J. de Santis, P. Jermi kabilar Neorealizmning kino san’atidagi asosiy vakillaridir. Neorealizm Italiya kinematografiyasi va boshqa mamlakatlarning ilg’or kinosi rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi; 2) adabiyotda Neorealizm yozuvchilari ijodi demokratik yo’nalishi, ozodlik ideallari va ijtimoiy adolatga insoniy ishonchi bilan ajralib turadi. Qarshilik ko’rsatish harakati, fashizmga qarshi kurash mavzui V. Pratolinining lirik esdaliklarida, R. Vigano, I. Kalvino romanlarida, J. Bassani va boshqalarning qissalarida haqqoniy aks ettirilgan. Neorealizm namoyandalari ijodida o’tkir ijtimoiy masalalarga bag’ishlangan asarlar ham bor: V. Pratolinining «kambag’al sevishganlar qissasi» (1947) xamda «metello» romani (1954); K. Levi ocherklari; E. de Filipponing «Neapol — millioner» komediyasi (1945); P. P. Pazolini she’riyati va boshqalar; 3) Italiya tasviriy san’ati (1940-50 yillar)dagi yo’nalish; Italiya kinosi, adabiyoti va teatridagi oqim va ayni bir vaqtdagi yo’nalishlardan nom olgan. 2-jahon urushi yillari Qarshilik ko’rsatish harakati natija- sida umum demokratik an’analarning tiklanishi, 19-20-asrlar Yevropa san’atidagi turli oqimlar (jumladan, romantizm va ekspressionizm)ning badiiy usullarini ijodiy qo’llashlar Neorealizmning shakllanishiga omil bo’ldi. Neorealist-rassomlar (R. Guttuzo, G. Mukki, A. Pissinato va boshqalar) voqelikni, uning barcha qarama-qarshiliklar keskinligini san’atda yangi ruhiy qadriyatlar va yangi qahramonlar — mehnat ahli, uning hayotiy qatiyati va ichki qudrati bilan haqqoniy aks ettirishga intildilar. Neorealizmga yaqin an’analar urushdan keyingi demokratik tasviriy san’atda va boshqa mamlakatlar (masalan, Frantsiyada B. Tasliskiy, A. Fujeron va boshqalar)da ham namoyon bo’ldi.