Neft sanoati
Neft sanoati — og’ir sanoat sohasi. Neft va gaz konlarini qidirish, kon quduqlari qazish, neft va neft bilan aralash chiqadigan gazni qazib olish, neft gazini qayta ishlash, neftni quvurlar orqali jo’natishni o’z ichiga oladi. Neft sanoati neft quduqlarini mexanik usulda qazishga o’tilgan davrdan (AQSh, 1859) rivojlana boshladi, deb hisoblanadi. Rossiyada 1-neft qudug’i Kubanda 1864 yilda qazilgan. Neft sanoati Kanadada 1862 yildan, Venesuelada 1917 yildan, Eronda 1908 yildan paydo bo’lgan. O’zbekistonda dastlabki neft koni 1904 yilda ochilgan (Farg’ona vodiysidagi Chimyon neft konida 278 metr chuqurlikdan sutkasiga 130 t neft olingan). O’sha yili Vannovsk (hoz. Oltiariq) temir yo’l stansiyasida neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. O’zbekistonda neft sanoatining paydo bo’lishi shu sanadan boshlanadi. Keyinroq Fargona botig’ida Yorqo’ton, Selroxs konlari ham ochildi, Chimyon-Vannovsk neft quvuri qurildi, neftni qayta ishlash zavodi kengaytirildi. Shu davrda rus va chet el kapitali neft qazib olish, uni qayta ishlash, neft mahsulotlarini sotishni to’la o’z nazoratiga oldi. «Santo» — O’rta Osiyo neft savdosi shirkati tashkil etildi. 1913 yilda jami 13 ming tonna neft qazib olindi. Oktyabr to’ntarishidan keyin neft konlari va neftni qayta ishlash korxonalari natsionalizasiya qilinib, neft konlarini izlash, ishga tushirish ham sho’rolar hokimiyati ixtiyoriga o’tkazildi. O’zbekistonga boshqa Respublikalardan, ayniqsa, Rossiyadan ko’plab mutaxassislar kela boshladi. Qo’qon shahrida «O’zbekneft» (1924), Termiz shahrida «Termizneft» (1936) trestlari tashkil qilindi. Qo’qon neft texnikumi (1935) ochildi. Urushgacha bo’lgan davrda Surxondaryo viloyatida ham neft konlari ochildi va ishga tushirildi (1935; Uchqizil, Xavdag). 1940 y.da mamlakatda neft olinadigan konlar soni 11 taga yetkazildi. 1941-45 yillarda yangi neft konlari (Farg’ona vodiysida Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Andijon) ochildi va tez fursatda ishga tushirildi. Oltiariq zavodi kengaytirildi. O’sha davrda Respublikada neft sanoatining infratuzilmasi ham vujudga keldi. 1941 yilda 196 ming tonna, 1945 yilda 478 ming tonna neft qazib olindi, 50-yillardan neft konlarida telemexanizatsiya vositalari qo’llanildi, turbinali burg’ilash joriy qilina boshladi. 1959 yilda Farg’ona vodiysi va Surxondaryo viloyatidagi 9 neft konining o’zidan 1460 ming tonnadan ziyod neft olindi. Usha davrda Buxoro-Xiva hududlarida topilgan neft konlari ishga tushirildi, ularning negizida neft va gaz qazib olish boshqarmasi tashkil etildi. 70-yillar boshidan ayrim neft konlaridagi zaxiralarning tugashi natijasida neft qazib olish kamaydi. Yangi neft konlarini topish uchun chu-qur quduklar qazish o’zlashtirildi. Voruxda 5200 metr, G’umxonada 5670 metr, Chust-Popda 5805 metr, Mingbuloqda 6006 metr o’ta chuqur neft quduqlari burg’ilandi. 1985 yilda Buxoro-Xiva provintsiyasida yaxshi tarkibli, neft-gaz kondensatli Ko’kdumaloq koni ochildi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so’ng Neft sanoatini rivojlantirish masalasi muhim ishga aylandi. 1992 yil 23 dekabrda neft va gaz sanoati hamda u bilan bog’liq barcha korxona, tashkilot, muassasalar yagona boshqaruvga birlashtirilib, «O’zbekneftgaz» milliy korporatsiyasi tashkil etildi. 1993 yil Farg’ona botig’ining o’ta chuqur qatlamlaridan (Mingbuloq tuzilmasidan) neft otilib chiqdi (qidiruv-burg’ilash ishlari davom etmoqda). Respublika neft sanoati xalq xo’jaligining neftga bo’lgan talabini to’liq qondirish imkoniyatlariga ega. Ayniqsa, Ko’kdumaloq koni jadal sur’atlar bilan ishga tushirildi. 1995 yilda O’zbekistonda 7 million tonnaga yaqin neft va kondensat qazib olindi. 1991-2003 yillarda O’zbekistonda neft va gaz kondensatini olish 2,8 marta oshdi (1990 yilda 2,81 million tonna; 1997 yilda 7,9 million tonna) va 1995 yilda neft importini tugatib, respublikaning neft mustaqilligini ta’minlashga imkon yaratdi. 2001 yilning yanvarga kelib O’zbekistonda 59 kondan neft olindi, 17 ta kon ishlatishga tayyorlangan va konservatsiyada. 13 ta kon qidiruv holatida. Neft qazib olish va konlarni izlab-tekshirish bo’yicha O’zbekiston — Malayziya qo’shma korxonasi (o’z-Maloyl) (1994) tashkil etildi. O’zbekiston neft mustaqilligiga erishgach, chetdan neft va neft mahsulotlari tashib keltirishga zarurat qolmadi. 2000 yilda O’zbekiston Neft sanoatida gaz kondensati bilan birga 7,53 million tonna neft qazib olindi. Neft-kimyo sanoatining rivojlanishi tufayli hozirgi zamon iqtisodiyotida neftning ahamiyati ortib bormoqda. Jahonda Neft sanoati AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Quvayt, Venesuela, Xitoy va boshqa mamlakatlarda rivojlangan. Abdurahim Ortiqov.