Neverov A.
Neverov A. (taxallusi; asl ism- sharifi Aleksandr Sergeyevich Skobelev) [1886. 12(24).12, Stavropol uezdi, Novikovka qishlog’i — 1923.24.12, Moskva) — rus yozuvchisi. Qishloq maktablarida o’qituvchilik qilgan. Dehqonchilik hayotidan olingan ilk hikoyasi 1906 yilda nashr etilgan. 1917 yilgacha bo’lgan ijodida, asosan, yarim och, yarim yalang’och holda yashagan dehqonlar va qishloq ziyolilari hayoti tasvirlangan. O’tgan asrning 20-yillari boshlarida Volga bo’ylarida avj olgan ochlik Neverovni rizq-ro’z axtarib O’rta Osiyoga kelishga majbur etgan. Shu davr taassurotlari Neverovning qator hikoyalari va «Toshkent — non shahri», «g’ozu oqqushlar» (1923) kabi qissalarida o’z ifodasini topgan. Mishka Dodonovning mehridaryo kishilar tufayli omon qolishi tasviriga bag’ishlangan «Toshkent — non shahri» qissasi Neverov ijodida alohida o’rin egallaydi. Qissa o’zbek tiliga tarjima qilingan va shu asar asosida kinorejissyor Sh. Abbosov ayni nomda kinofilm yaratgan.