Negiz
Negiz — so’zning shaklini hosil qilish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan til birligi; so’zning «o’zak + yasovchi qo’shimcha» shaklidagi qismi (ish — o’zak, chi — so’z yasovchi qo’shimcha, demak: ishchi — negiz), undan keyin qo’shiladigan qo’shimchalar so’zning grammatik shaklini hosil qiladi. Negizning hosil bo’lishi yangi lug’aviy birlik bilan aloqador. O’zbek tilida qo’shimchalar o’zakdan keyin qo’shiladigan xususiyatga ega bo’lganligidan, Negiz asosan «o’zak + yasovchi qo’shimcha» shaklida bo’ladi, lekin boshqa tillardan kirgan old qo’shimchalar mavjudligi va bu qo’shimchalarning so’z yasovchilarga mansubligi Negizning «old qo’shimcha + o’zak» (badavlat), shuningdek, «old qo’shimcha + o’zak + yasovchi» (notinch) shakllari ham borligini ko’rsatadi. Demak, Negiz morfemalarning qo’shilishidan hosil bo’ladi, ya’ni qo’shimcha orqali o’zakdan Negiz yaratiladi yoki bir Negizdan boshqa Negiz hosil qilinadi (masalan, temirchilik so’zida temir + chi = birlamchi Negiz, temirchi + lik ikkilamchi Negiz. Negiz va yasama so’z tushunchalari o’zaro aloqador, lekin boshqa-boshqa hodisalardir. Ba’zi adabiyotlarda asos, o’zak-negiz terminlari ham Negiz so’zining sinonimi sifatida qo’llanadi. Nemat Mahkamov.