Iloq
Iloq — tarixiy viloyat. Toshkent viloyatining Janub qismida. Ohangaron daryosi (13-asr boshlariga qadar Iloq deb atalgan) havzasida bo’lgan. Qadimgi dehqonchilik va konchilik mintaqalaridan. Milodiy 5-asrdan mustaqil davlat sifatida ma’lum. Iloq hukmdorlari «Iloq dehqonlari» unvoni bilan yuritilib, katta iqtisodiy va siyosiy mavqega ega bo’lgan. 6-7-asrlarda Shoshga qo’shilgan. 9-10-asrlarda 17 shahar bo’lgan. Aholisi dehqonchilik, chorvachilik, keng ko’lamda ma’dan qazish va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Iloq aholisi jangovarligi va erksevarligi bilan mashhur bo’lgan. Iloqda davlat zarbxonasi bo’lgan. 10-asr oxirlarida Iloq Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. Mo’g’ullar istilosidan so’ng Iloq yerlari jaloyirlar qabilasi tasarrufiga o’tgan. Iloq nomi 14-asrdan manbalarda uchramaydi. Poytaxti Tunkat shahri bo’lgan.