Ilono’tti
Ilono’tti — Molguzar va Nurota tog’lari orasidagi tog’ yo’lagi, Sangzor daryosining tor vodiysi (Jizzax viloyatida). Uzunligi 16-18 kilometr, eni 200-500 metr, eng tor joyida o’zanning kengligi 30 metr. Mutlaq balandligi 450-550 metr. Tog’yon bag’irlarining mutlaq balandligi 65-700 metr. Ilono’ttining kadimiy turkiy nomi temir qapig’ («temir darvoza») bo’lgan. Bundan tashqari «Jizzax yo’li», «Sangzor vodiysi» kabi tarixiy nomlari ham bor. Ilono’ttida mahalliy tog’ — vodiy shamoli esib turadi. Shamolning o’rtacha tezligi sekundiga 2,3—2,8 metr, eng kuchli esganda 25-28 metrga yetadi. Ilono’ttining ikki yon bag’ri tik ko’tarilgan. Quyi Paleozoyning slanes, qumtosh, marmarlashgan ohaktosh, porfiritlari (Molguzar tog’lari yon bag’ri) bilan intruziv jinslar — granit granodioritlardan (Quytosh tog’lari yon bag’ri) tuzilgan. Sangzor vodiysi o’rta pleystosenning boshlarida daryoning Molguzar tog’larini yuvishi va uni kesib (yorib) utishi natijasida vujudga kelgan. O’sha davrda Mirzacho’l hududining tektonik harakatlar tufayli bukilishi daryoning shu tomonga qarab oqishiga sabab bo’lgan. Ilono’ttidan Toshkent — Samarkand avtomobil yo’li va temir yo’l o’tgan. Avtomobil yo’lini qurish yon bag’ir hisobiga amalga oshirilganligi tufayli u ancha tik va keskin burilishlarga ega. Tog’ yo’lagi Sohibqiron Amir Temur nomi bilan atalib, u yerda sayohatchilar va yo’lovchilar dam olishi uchun mex,monxonalar, choyxonalar va boshqa infratuzilmalarni qurish rejalashtirilgan.