Idioma

Idioma (Yunoncha idioma — xususiyat, o’ziga xoslik) — frazeologizmlar turi; muayyan bir tilga xos bo’lib, boshqa tillarga aynan tarjima qilib bo’lmaydigan nutq birligi yoki ibora: «dumi hurjun», «semizlikni qo’y ko’taradi», «tili bir quloch» kabi. Idioma so’z birikmalaridan: («ikki qo’lini burniga tiqib», «butun mahallani boshiga ko’tarmoq»), etimologik va tarixiy ma’lumot talab etuvchi so’zlardan («gap desang qop-qop, ish desang Ko’hi Qofdan top», «Daqqi Yunusdan qolgan» va hokazolar), etimologik isbotlash, asoslash qiyin bo’lgan so’z va iboralardan («oyog’ini qo’liga olib», «biti to’kildi») iborat bo’lishi mumkin. Idiomalar, odatda, ko’chma ma’noga ega bo’ladi va badiiy adabiyotda kinoya, qochiriq ma’noli obrazlilikni yaratuvchi vositalardan biri sifatida qo’llanadi. Idiomalarni boshka tilga o’girishda ularning o’sha tildagi muqobilini topish kerak bo’ladi. Masalan, rus tilidagi «kak ni kormi volka, on vsyo v les smotrit» Idiomasi o’zbek tilidagi «Qazisan, qartasan, oxir aslingga tortasan» Idiomasiga mazmunan mos keladi. Tilda bunday muqobil Idioma topilmasa, uning mazmuni erkin yoki so’zma-so’z tarjima qilinadi. Masalan, «I na nashey ulise budet prazdnik» — «bizning ko’chada ham bayram bo’lajak» kabi. Ad.: Salomov F., Maqol va idiomalar tarjimasi., T., 1961.