ATSETAT TOLA
ATSETAT TOLA, atsetat ipak — atsetilsellyulozadan olinadigan sun’iy tola. Atsetat tola 140 — 150° gacha temperaturaga bardosh beradi, bundan yuqori temperatuada deformatsiyaga uchrab, shaklini o’zgartiradi. Atsetat tola qovushqoqligi, yumshoqligi, chiroyliligi, kimyoviy pishiqligi va quyosh nuri ta’siriga chidamliligi sababli sanoatda tobora ko’p ishlatilmoqda. Tarkibidagi gidroksil va atsetil guruhlarning nisbiy miqdori bilan farqlanuvchi Atsetat tolalar to’qimachilik sanoatida ko’plab ishlatiladi. Masalan, triatsetat tola asosan texnikada qo’llaniladi, uning elektr tokini o’tkazmaslik xususiyati barcha sun’iy va tabiiy tolalarnikidan ustun turadi. O’zbekistonda paxta tolasining chiqindisi —momiq asosida Atsetat tolalar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan.