Ijtimoiy moslashuv
Ijtimoiy moslashuv — individning ijtimoiy muhitga doimiy faol moslashish jarayoni va bu jarayonning natijasi. Ijtimoiy moslashuv uzluksiz xususiyatga ega ekanligiga qaramasdan, uni, odatda, individning o’z faoliyatini va o’zini o’rab turgan ijtimoiy davrasini tubdan o’zgartirish davrlari bilan bog’laydilar. Moslashish jarayonining ijtimoiy muhitga faol ta’sir etish ko’rinishi va muhitdagi maqsad va qadriyatlarni kelishuvchanlik bilan, passiv qabul qilish ko’rinishi bo’ladi. Ijtimoiy moslashuv shaxs ijtimoiylashuvining asosiy ijtimoiy-psixologik omillaridan biridir. Ijtimoiy moslashuvning samaradorligi ko’p jihatdan individ o’zini va o’zining ijtimoiy aloqalarini qanchalik o’xshash (adekvat) anglashiga bog’liq. O’zi to’g’risidagi ijtimoiy tasavvurning noto’g’riligi yoki yetarlicha emasligi Ijtimoiy moslashuvning buzilishiga olib keladi, bu holat (voqelik) ning eng ayanchli ko’rinishi autizm (individning atrofdagilar bilan muloqot qilishdan qochib, o’zining ichki kechinmalari dunyosiga g’arq bo’lishi) dir. Ijtimoiy moslashuv muammosi jahon psixologiyasida psixoanaliz, autizm, deprivatsiya kabi ilmiy yo’nalishlarda tadqiq etib kelinadi. Bunda asosiy e’tibor moslashuvning buzilishiga (ruhiy sohadagi buzilishlar, begonalashish, apatiya, alkogolizm, giyohvandlik va boshqalar) va uni tuzatish (korrektsiyalash) ning psixoterapevtik uslublariga, autotrening, sotsiotrening vositalariga yo’naltiriladi. Muhitga shaxsning kirishib ketishi uning xulqi, faoliyati, muomalasi orqali sodir bo’lsa moslashishning mukammalligi vujudga keladi. Shaxsning katta yoki kichik guruhlar muhitiga moslashishi ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, ta’lim-tarbiya jarayonini yaxshilashga yordam beradi. Ergash G’oziyev.