Izmir

Izmir — Turkiyaning g’arbidagi shahar, yirik port. Izmir elining ma’muriy markazi. Egey dengizining Izmir qo’ltig’i sohilida. Aholisi 2,018 million kishi (1995). Izmir miloddan avvalgi 2-ming yillikda bunyod etilgan va Smirna (Yun. Smirne) deb atalgan. 15-asrdan Usmonli turklar saltanati tarkibida. 18-asr oxiridan Izmir Turkiyaning iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri. 1919 yil 15 mayda shaharni Gretsiya askarlari okkupatsiya qildi; 1922 yil 9 sentabrda ozod qilindi. 2-jahon urushidan keyin Izmir porti harbiy dengiz bazasiga aylantirildi. Izmir Turkiyaning eksport bo’yicha birinchi, import bo’yicha (Istanbuldan keyin) 2-o’rindagi porti. Temir yo’l va shosse yo’llar tuguni. Xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Muhim qishloq xo’jalik rayonining (tamaki, paxta, uzum, zaytun, don yetishtiriladi) sanoat va savdo markazi. To’qimachilik, oziq-ovqat, tamaki, tsement, oyna-keramika, yog’ochsozlik, mashinasozlik, kemasozlik va boshqa korxonalari bor. Izmir atrofidan lignit, simob, asbest qazib chiqariladi. Shaharda har yili xalqaro yarmarka o’tkaziladi. Universitet, iqtisodiyot va savdo akademiyasi, konservatoriya, arxeologiya muzeyi bor. Qadimgi binolarning qoldiklari (maqbaralar, teatr, stadion va boshqalar) saqlangan.