ATSETILSELLYULOZA
ATSETILSELLYULOZA — tsellyulozaning atsetat efiri. Oq amorf modda. Atsetilsellyuloza olishda xom ashyo sifatida asosan paxta momig’i, ayrim hollardagina tsellyuloza ishlatiladi. Tsellyuloza katalizatorlar ishtirokida sirka angidrid yoki atsetil xlorid bilan atsetillansa, tarkibida bog’langan 62,4% sirka kislota qoldiqlari bo’lgan triatsetilsellyuloza faqat ba’zi organik erituvchilar (sirka kislota, xloroform va metilen xlorid) da eriganligi uchun undan keng ko’lamda foydalanib bo’lmaydi. U deyarli nam tortmaydi. Atsetilsellyuloza elektr izolyatsiya materiallari, sun’iy tola va yonmaydigan kinoplyonka olishda ishlatiladi. Triatsetilsellyulozaning 92 — 96% li sirka kislotadagi eritmasi katalizator — sulfat kislota ishtirokida qisman gidrolizlansa, ikkilamchi Atsetilsellyuloza hosil bo’ladi. Uning tarkibida bog’langan 52 — 57% sirka kislota bo’lib, bir qancha arzon erituvchilar (atseton, tsiklogeksan, atseton bilan spirt aralashmasi, etilasetat, butilasetat va boshqalar) da eriydi. Atsetilsellyuloza ishqorlar va mineral kislotalar ta’siriga beqarorroq, ammo nur ta’siriga chidamli, yonmaydi. Shuning uchun ham Atsetilsellyuloza kinoplyonkalar, bo’yoq va plastmassalar ishlab chiqarishda yonuvchi nitrosellyuloza o’rnini tobora ko’p egallamoqda.