Magnetokimyo

Magnetokimyo — fizik kimyoning bo’limi. Moddalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi o’zaro munosabatni, shuningdek, magnit maydonining kimyoviy birikmalarning reaktsiyaga kirishish qobiliyatiga ta’sirini o’rganadi. Magnetokimyo moddalarning tuzilishi, kimyoviy bog’lanish xarakteri, birikma, assosiasiya va polimerlangan molekulalarda elementlarning valent holatlari, jismning magnit singdiruvchanligi yoki magnitlanishi, buning temperatura va maydonning kuchlanganligiga qarab o’zgarishi va boshqalarni tekshiradi. Atomlar, ionlar va molekulalarning magnit momentini Magnetokimyo yordami bilan bilish mumkin. Atomlarning magnit momenti atom xossalarining davriyligini ko’rsatadi. Ma’lum birikmaning kimyoviy to’yinganligi qancha yuqori bo’lsa, magnit momenti (bir xil sharoitda) shuncha kam bo’ladi. Erkin radikallar va erkin valentliklarni magnit momenti asosida aniqlash mumkin. Kimyoviy birikmalarning tuzilishini aniqlashda, moddalarning tuzilishi va tarkibini, kimyoviy reaktsiyalar borishini hamda hosil bo’lgan modda sifatini tekshirishda Magnetokimyo usullari muhim ahamiyatga ega. Kimyoviy muvozanat, kimyoviy reaktsiyalar kinetikasi va mexanizmiga magnit maydonining ta’siriga oid tadqiqotlar Magnetokimyoning istiqbolli yo’nalishlaridan hisoblanadi. Molekulalarning kimyoviy tuzilishi va magnit xossalari orasidagi bog’lanishni aniqlashga yo’naltirilgan magnit rezonans (EPR, YAMR va boshqalar) tadqiqotlari Magnetokimyoga suyanadi. Ad.: Karlin R., Magnetoximiya, Per. s angl., M., 1989.