ZARIFOVLAR SULOLASI

ZARIFOVLAR SULOLASI — o’zbek tsirk san’ati ustalari avlodi. Yangi o’zbek tsirk san’atining vujudga kelishida yetakchi o’rin tutgan. Sulola boshlig’i O’zbekiston xalq artisti Zarifov Karim (1890 — Toshkent — 1960.20.12) — qiziqchi, muallaqchi, ot o’rgatish va chavandozlikning asoschisi. Faoliyatini 8 yoshidan boshlagan. 1902 yil Toshkentda tashkil etilgan birinchi o’zbek yarim professional tsirkning yosh a’zosi. Shuningdek, davlat tsirk san’ati va xo’jaligi («Kooperativ», 1924; «Qizil Sharq», 1927), Toshket davlat tsirki (1930), tsirk bilim yurti (1932) tashkilotchisi. O’zbek milliy tsirkini yaratish tashabbuskori, murabbiysi. Zarifov o’z faoliyati davomida an’anaviy xalq tsirkining besuyak, muallaqchilik, huqqabozlik, qiziqchilik, chavandozlik janrlarini rivojlantirdi, tsirkni zamonaviy — gumbaz osti maydoniga mosladi va yangi tsirk san’atiga asos soldi. 20 yillarda tsirk qiziqchiligi va klounada, 30 yillarda «Ot o’yin» va «Chavandozlik» san’atini birlashtirib yangi tomosha turini yaratdi. «Karim qiziq nima deydi?»nomli repertuar dasturi asosida rafiqasi muborak Zarifova bilan yangi tsirk talablariga mos grim va ustboshlarda hajv va hazil mavzularida qiziqchilik qilgan, ot o’yini va epchil chavandozlikni tomosha san’ati darajasiga ko’tardi. Bu ishga o’z o’g’il-qizlari va boshqa yoshlarni jalb etdi.