ZIYOVUDDIN TOG’LARI
ZIYOVUDDIN TOG’LARI — Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi tog’lar. Zarafshon tizma tog’larining eng chekka g’arbiy qismi. Kenglik bo’yicha yo’nalgan. Eng baland joyi 866 metr. Ziyovuddin tog’larining ayrim qismlari Sharqda Katarmaya (807 metr), Qoratov (723 metr), Qizbibi (818 metr), Markaziy qismida Tusitov (866 metr), Turekbobo (841 metr), qirtov, g’arbda Qoratov, Xo’ja Boltatog’ (740 metr), Azkamar platosi deb ataladi. Ziyovuddin tog’lari Sharqda Qarnob beli orqali Zirabuloq tog’lari, shimoli g’arbda Azkamar platosi orqali Zarafshon vodiysi, shimolda Malik cho’li va Janubda Qarnob cho’li bilan chegaradosh. Ziyovuddin tog’lari Shimoliy va nisbatan balandroq (670-860 metr) Janub tizimlardan iborat. Janub yon bag’irlari tik ko’tarilgan va qisqa soy va o’zanlar bilan kuchli parchalangan. Qoyali, yalang’och tub jinslar qatlamlari Qarnob cho’liga tik tushgan. Tor va chuqur tog’daralari jinslar qatlamlarini kesib o’tgan. Suvayirg’ich qismlarida kuesta relyef shakllari uchraydi. Tog’larning suvayirg’ich qismi o’tkir qirrali va nayzasimon shaklda. Ziyovuddin tog’lari yirik antiklinaldan iborat, uning zamini quyi silurning kristalli slanes, ohaktosh, gilli qumtoshli slaneslaridan iborat. Yog’in miqdorining kamligi (yiliga o’rtacha 200-225 millimetr) va tog’lar baland bo’lmaganligidan soylarda faqat bahor va yoz boshlarida suv oqadi. Tog’ etaklari va yon bag’irlari nuragan jinslarning parchalari bilan band. Tuproqlar yaxshi rivojlangan yon bag’irlarda efemerlar (rang, qo’ng’irbosh), tog’shuvog’i, toshlok tuproqlarda turli o’t butalar (tikanli bodom) tarqalgan. Ziyovuddin tog’larining shimoliy etaklarida Navoiy va Ziyovuddin shaharlari, Janub etagida Qarnob qishlog’i joylashgan. Ziyovuddin tog’larida tsement ishlab chiqarish uchun xom ashyo, qurilish materiallari manbalari mavjud.