ZIRHLILAR

ZIRHLILAR (Dasypodidae) — chalatishlilar turkumi oilasi. Janubiy Amerikada yuqori paleosendan va shimoliy Amerikada pleystosendan ma’lum. Tanasining uzunligi 12 santimetrdan 100 santimetr, dumi 2,5 santimetrdan 50 santimetr, og’irligi 0,3 dan 55 kilogrammgacha. Tanasining orqa tomoni kamar bo’lib joylashgan suyak va muguz plastinkalardan iborat zirh (qalqon) bilan qoplangan. Oldingi panjasi 4 yoki 5 panjali, o’tkir tirnoqli. Tishlari bir xilda, tsilindrsimon, 28 dan 100 tagacha. Ular soni bir tur individlarida ham o’zgarib turadi. Zirhlilar hozirgi chalatishlilar orasida eng ko’p sonli hayvonlar, 9 urug’i, 20-25 turi bor. AQShning Janubdan Chili va Argentinagacha bo’lgan hududlarda tarqalgan. Ochiq maydonlarda yashaydi. Ayrim turlari xavf tug’ilganida buralib, sharsimon shaklga kiradi. 2 dan 12 tagacha bolalaydi, odatda, bolalari bitta tuxumdan rivojlanadi (poliembrioniya). Zirhlilar tungi hayvon, mayda umurtqasizlar, ba’zan hayvonlar murdasi bilan oziqlanadi. Go’shti va qalqoni uchun ovlanadi. Soni kamayib ketgan, 4 turi xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.