Tufang, to’fang

Tufang, to’fang — chaqmoqtosh yordamida otadigan pilta miltiq. Tufak fonetik shakli ham mavjud. Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarida tuvak atamasi tol daraxti va umuman ho’l shoxlarning po’stlog’ini yormay, shox, navdadan sug’urib olingan va uchiga g’o’lakchalar qo’yilib, qushlarni ovlash uchun mo’ljallangan tuppakni anglatishi qayd etilgan. 16-a.ga kelib tuvak — tufak va T. fonetik shakllarni olgan va u endi o’t sochish uchun mo’ljallangan jangovar qurolmiltiqni ifodalagan. Turk sayyohi Sayd Ali raisning guvoxlik berishicha (16-a.), T. ning stvoli misdan yasalgan. Tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, T. O’rta Osiyoda 16-a.dan e’tiboran qurollanishda ishlatilgan. Bobur qo’shinida T. yasaydigan ustalar va T. bilan kurollangan askar— tufakandozlar bor edi, ular Panipat jangida Ibrohim Lo’diy ustidan qozonilgan g’alabaga salmoqli ulush qo’shgan.