Tog’ hosil bo’lishi

Tog’ hosil bo’lishi – erning rivojlanishi bilan bog’liq juda murakkab geodinamik jarayon. Unga bir tomondan sayyoralararo bo’ladigan gravitasion va rotasion kuchlar variasiyasi ta’sir etsa, ikkinchi tomondan zamin ostidagi radioaktiv issiklik hisobiga geologik jinslarning erishi bilan bog’liq bo’lgan magmatik harakat, metamorfizmga uchragan qatlamlarning o’zgarib turishi, endogen va ekzogen jarayonlarning kuchayishi paytida denudasiya va akkumulyasiyaning faollanishi kabilar katta ta’sir ko’rsatadi. Natijada, er po’stidagi cho’kindi tog’jinslaridan iborat bo’lgan qatlamlarda goh vertikal, goh gorizontal tektonik harakatlarning namoyon bo’lishi hisobiga tog’lar shakllanadi. Bu jarayonda qatlamlar siqiladi, burmalanish, sinish holatlariga uchrab, er yoriqlari bo’ylab magmatik jinslar harakatga keladi. Antiklinal va sinklinal burmalanish orasidagi uzilmalarning bir-biriga nisbatan siljishi kuchli zilzilalarga sabab bo’ladi. Qotib qolgan Er po’stidagi qatlamlar, tog’jinslari orasidan har xil gazlar, gidrodinamik eritmalar va magmalar otilib chiqishi va er ustida sovishi geologik davrlarda, turli xil balandlikdagi tog’larni hosil qilgan. Bu esa, o’z navbatida ko’tarilma va cho’kmalarni, ya’ni kattakichik antiklinal va sinklinal strukturalarni paydo qilgan. Er taraqqiyoti tarixida bir qancha geologik davrlarda T.h.b. davom etgan. Bu jarayon uzoq vaqt uzluksiz bo’lib, ba’zan tezlashgan yoki sustlashgan. Mac, paleozoy erasigacha bir necha marta tog’lar paydo bo’lgan. Paleozoy erasida kaledon va gersin T.h.b. davrlari yuz bergan. Ularning qoldiqlarini Ural, Koratog’, Tyanshan, Baykal atroflaridagi tog’larda uchratish mumkin. Mezozoy va kaynozoy eralarida Markaziy Osiyoda, Xitoy, Kavkazda tog’lar hosil bo’lgan. Ayniqsa, neogen va to’rtlamchi davrdan boshlab T.h.b. jarayoni kuchaydi. Bunda qitalarning, ularda joylashgan geologik plitalarning bir-biri bilan to’qnashishi natijasida yosh tog’lar paydo bo’ldi. Bular sharqdang’arbga cho’zilgan O’rta dengiz Alp tog’lari tizmasi va Amerika qitasidagi Jan.dan shim.gacha cho’zilgan and tog’lari va bir qancha tog’ tizmalaridir. Shuningdek, o’sha davrda ilgari dengiz bo’lgan joyda Tyanshan tog’lari qad ko’tardi. ChatqolQurama, Olay, Farg’ona, Turkiston, Nurota tog’lari, Farg’ona, Surxon vodiylari, Toshkent, Qashqadaryo tog’oldi vodiylari shular jumlasidandir. 25-30 mln. yil avval boshlangan T.h.b. jarayoni hozir ham keskin sur’atlar bilan bormoqda, shu sababli bu erlarda ko’plab kuchli zilzilalar bo’lib turadi.