Gaz hisoblagich

Gaz hisoblagich — vaqt birligi ichida o’tadigan gaz hajmini o’lchaydigan asbob; tabiiy va zaharli bo’lmagan boshqa gazlarga mo’ljallangan. Ishlash tarziga ko’ra diafragmali, turbinali rotorli va b. xillari bor. Diafragmali G. h.da o’lchash qurilmasi gaz o’tkazmaydigan diafragmalar b-n ajratilgan ikkita kameradan iborat. Maxsus klapanlar tizimi tufayli diafragmalar hisoblagichning kirish va chiqish naychalaridagi gazlarning bosimlari farqi hisobiga ilgarilanmaqaytma harakat qiladi. Diafragmalarning bu harakatini kinematik qurilma jamlagich roliklarining aylanma harakatiga aylantiradi. Bunday G. h.lar ro’zg’orda ishlatiladi. Turbinali G.h.da turbina orqali o’tadigan gaz oqimi tezligini oqim to’g’rilagich baravarlaydi. O’lchash mexanizmi parrakli turbina va reduktordan iborat bo’lib, turbina o’ki ikki tayanchga mahkamlangan. Magnitli uzatma turbinaning aylanishini hisoblash qurilmasiga uzatadi. Hisoblash qurilmasidagi rolikli jamlagich hisoblagichdan o’tayotgan gaz hajmini o’lchaydi. Bunday G. h. past, o’rta va yuqori bosimli gazlarda ishlaydi, ularni turli hisoblash qurilmalariga ulab qo’yish mumkin. Bunday G. h. sanoatda ishlatiladi.