Tohiriylar davlati
Tohiriylar davlati — Abbosiylar xalifaligi parchalanishi munosabati bilan Xurosonda tashkil topgan davlat (821-873). Asoschisi — Tohir ibn Husayn. 821 yilda Tohir ibn Husayn Xuroson va Movarounnahrning noibi etib tayinlangan. U xalifalikdan mustaqil bo’lishga harakat qilgan. Xutbadan xalifa nomi chiqartirib tashlangan. Shunday qilib, Xuroson va Movarounnahr boshqaruvi Tohiriylar xonadoniga meros bo’lib qolgan. Tohir ibn g’usaynning o’g’li Abul Abbos Abdulloh noibligi (828-844) davrida ma’muriy markaz Marvdan Nishopur sh.ga ko’chirilgan. Tohiriylar davrida Somonxudot avlodlari Movarounnahr shaharlarida mahalliy noib edilar. Tohiriylar ularni o’zlariga tobe sifatida tan olganlar. Tohiriylar rasman o’zlarini xalifaga tobe deb ko’rsatsalarda amalda mutlaqo mustaqil ish yuritganlar. Ular dastavval siyosiy hokimiyatni mustahkamlashga va qishloq xo’jaligini tartibga solishga harakat qilishgan. Dehqonchilik vohalarining suv ta’minotini yaxshilash uchun yangi kanallar qazilgan. Tohiriylar davlat boshqaruvi, fuqarolarga munosabat, ayniqsa, soliq tartiblariga alohida ahamiyat berganlar. Mulkdor dehqonlarning jabr-zulmidan, og’ir soliqlardan bezor bo’lgan aholi mamlakatda tez-tez qo’zg’olon ko’tarib turgan. 9-asrning 60-yillarida Xurosonda g’oziylar faolligida xalq qo’zg’oloni avj olib ketgan. 873 yilda Tohiriylar hukmronligi tugatilib, yangi Safforiplar davlati tashkil topgan. Mamlakatda sodir bo’lgan bunday siyosiy o’zgarishdan so’ng Movarounnahr Xurosondan ajralib o’z mustaqilligini to’la tiklab olish imkoniga ega bo’lgan.