YURIDIK MASLAHAT

YURIDIK MASLAHAT — (O’zbekiston Respublikasida) huquqiy yordam turi. Bunday yordamni oliy yuridik ma’lumotli, tegishli malaka imtihonini topshirgan, advokatlik lisenziyasiga ega bo’lgan yoki tashkilot, muassasa, korxonada maslahatchi yurist lavozimida ishlayotgan shaxslar berishga haqli. Shaharlar va aholi punktlarida advokatlar hay’atlarining rayosatlari yuridik yordam ko’rsatish ishini tashkil qilish maqsadida huquqiy maslahat beruvchi advokatlar jamoasini tuzadi. Yuridik maslahatxonaning joylashish o’rni va unda ishlaydigan advokatlar sonini advokatlar hay’atining Rayosati tegishli Adliya idorasi bilan kelishgan holda belgilaydi. Yuridik maslahatxona bankda joriy hisob raqamiga, o’z nomi va tegishli advokatlar hay’atiga qarashi ko’rsatilgan muhr va shtampga ega bo’ladi. Yuridik maslahatxonaga advokatlar hay’ati Rayosati rayosat a’zolari ichidan tayinlaydigan mudir rahbarlik qiladi. Yuridik maslahat berish uchun advokat, o’z kasbiy faoliyatida amaldagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi kerak. U o’ziga yuridik yordam so’rab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish uchun qonunda ko’zda tutilgan vositalar va usullardan foydalangan holda faoliyat yuritadi. Gulchehra To’laganova.